O‘zbekistondagi boshqa millatlar oilalari

O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat sifatida o‘z hududida turli millatlar va etnik guruhlarni birlashtiradi. Bu millatlarning har biri o‘ziga xos oilaviy qadriyatlar va urf-odatlarga ega bo‘lib, ular mamlakatning madaniy boyligini yanada oshiradi.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman, rus, ukrain, koreys, tatar oilalari bilan bir qatorda arman, ozarbayjon, belorus, yahudiy, uyg'ur, nemis kabi millatlarning oilalari ham istiqomat qilmoqda.

O‘zbekistondagi boshqa millatlar oilalari

O'zbekiston Respublikasida bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillaridan iborat 10 milliondan ortiq oilalar tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ko‘pmillatli xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyliklaridan biri – “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan shior ostida mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va ahillikni saqlay olganimiz hisoblanadi, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

     O'zbekistonda yashovchi boshqa millatlar vakillari hamda ularning oilaviy qadriyatlari haqida qisqacha to'xtalib o`tsak.

Turk oilalari

     O'zbekistonda yashovchi o'zbek millatiga yaqin bo'lgan yana bir millat - turk millati hisoblanadi. Turklarning oilaviy qadriyatlari ham o'zbek oilasidagiga juda o'xshash. Har ikki millat ham oilaning muqaddasligini, farzand tarbiyasiga jiddiy yondashish kerakligini, yoshi kattalarni ulug`lash lozimligini e'tirof etadi.

Sobiq Sovet Ittifoqining 1926-yildagi birinchi Butunittifoq aholini roʻyxatga olishida Sovet Ittifoqida 8570 ta turk yashaganligi qayd etilgan bo'lib, ularning aksariyati O'zbekistonda yashagan. Biroq bugungi kunda O'zbekistonda yashovchi turklarning aniq soni haqida ma'lumotlar yo'q.

Ozarbayjon oilalari

     2021-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi ozarbayjonlarning soni 41,2 ming nafarni tashkil etadi. Ozarbayjon millati ham milliy, ham diniy jihatdan o'zbeklar bilan yaqin aloqada bo'lib, oilaviy qadriyatlar orasida ham o'xshashliklar ko'p uchraydi.    

     Bugungi kunda ozarbayjon oilalari zamonaviylik va milliy qadriyatlarni uyg‘unlashtirgan holda yashamoqda. Gender tengligi tamoyillari kuchayib, ayollar jamiyatdagi faoliyatlarda faol ishtirok etmoqda. Farzandlarning ta‘lim olishiga katta e‘tibor qaratilmoqda, shuningdek, oila a‘zolari zamonaviy texnologiyalar va bilimlarni o‘zlashtirishga intilmoqda.

Belorus oilalari

     2021-yilda O'zbekistonda belorus millatiga mansub aholi taxminan 18,5 ming nafarni tashkil etgan. 1993-yilda Toshkent shahar "Svitanak" belorus madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. 

     Belorus oilalari o‘z milliy an’analarini saqlab qolish bilan birga, mahalliy o‘zbek madaniyati bilan yaqin aloqada yashamoqda. Rojdestvo, Pasxa, Kupalye kabi bayramlar, nikoh va boshqa oilaviy marosimlar belorus oilasi madaniy hayotida muhim o`rin egallaydi. Belorus oilalari o‘zbek jamiyatiga muvaffaqiyatli integratsiyalashgan holda, madaniy almashuv va hamkorlikni davom ettirib kelmoqda.

Yahudiy oilalari

     Oʻzbekistondagi yahudiylar ikki guruhga ajratiladi: Buxorolik yahudiylar jamiyati va Yevropadan kelgan Ashkenazilar jamoasidir. 1989-yilda Oʻzbekistonda 94,900ga yaqin yahudiy boʻlgan, lekin 2007-yilda 5000 dan kamroq qismi qolgan (ularning aksariyati Toshkentda yashaydi). Biroq mazkur ma'lumot ham aniq emas.

     Yahuhiy oilalarida turli diniy va milliy bayramlar, marosimlar asosiy o`rinni egallaydi. Xususan, har hafta shanba kuni bo‘lib o'tadigan shabbat marosimida oila birgalikda yig‘ilib, ibodat qiladi va maxsus taomlar iste’mol qiladi. Yahudiy nikoh marosimlari diniy qoidalarga asoslangan. Marosimda nikoh hujjati – ketuba imzolanadi. Pasxa bayrami ham muhim bo‘lib, milliy birdamlik ramzi sifatida nishonlanadi.

Uyg'ur oilalari

     Yana bir mahalliy aholi bilan yaqin munosabatda bo'lgan, umumiy tarixiy, milliy va diniy asoslarga ega bo'lgan millat uyg'ur millati hisoblanadi. Uyg‘ur oilalari islomiy qadriyatlarga asoslangan. Farzand tarbiyasida ta‘lim, milliy an‘analar va mehmondo‘stlik ustuvor o‘rin tutadi.

     Uyg'urlar mamlakatimiz hududiga XV-XVI asrlardan ko'chib kela boshlashgan bo'lib, bugungi kunda ularning taxminiy soni 48 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Oʻzbekistonda yashovchi boshqa milliy diasporalarga nisbatan uygʻurlar madaniyati va etnik xususiyatlariga koʻra oʻzbek xalqiga juda yaqin hisoblanadi. Uygʻurlarning madaniyati, tili va diniy eʼtiqodi jihatidan oʻzbek xalqiga juda yaqinligi, bir necha asrlar va yillar davomida oʻzbek madaniy muhitida yashab kelayotgani bois bugungi kunda uygʻurlarning madaniyati va tilida oʻzbekcha elementlar koʻplab uchraydi. Shuningdek, oilaviy munosabatlarda ham uygur oilalaridagi qadriyatlar tizimi ozbek oilalaridan ko`p farq qilmaydi.

Arman oilalari

     2009-yilda Oʻzbekistonda jami armanlar soni 80 mingga yaqin kishini tashkil etadi (shundan 50 ming nafari Oʻzbekiston fuqarolaridir). Armanlar asosan Toshkent, Samarqand, qisman Andijon, Fargʻona va boshqa shaharlarida yashaydilar.

        O‘zbekistondagi arman oilalari o‘zining boy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlari bilan ajralib turadi. Arman oilalarida nikoh odatda cherkovda diniy marosim bilan boshlanadi. Marosim davomida ota-onalarning roziligi va duosi muhim o‘rin tutadi. Suv bilan bog‘liq qadimiy Vardavar bayrami oilaviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nemis oilalari

    Nemislar O‘zbekiston hududida qariyb ikki yuz yildan buyon istiqomat qilib keladi. Bugungi kunda mamlakatimizda to'rt mingdan ziyod etnik nemis millatiga mansub aholi mavjud. “Wiedergeburt” Respublika nemis milliy madaniy markazi 1991-yildan boshlab faoliyat yuritib kelmoqda.   

     Nemis oilalari tartib-intizom, halollik va mehnatsevarlikni asosiy qadriyat sifatida ko‘radi. Farzand tarbiyasida mustaqillik va mas‘uliyatlilikni o‘rgatish muhim o‘rinni egallaydi. Ota-onalar bolalarni erta yoshdan o‘zlari uchun javobgarlikni his qilishga, vaqtni samarali boshqarishga va halollik tamoyillariga amal qilishga o‘rgatadi. Nemis oilalarida oila a‘zolarining o‘zaro hurmat va ochiq muloqoti muhim o‘rinda turadi, bu esa oilaviy birdamlikni mustahkamlaydi. 

     Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning ko‘pmillatli jamiyatida har bir millat o‘ziga xos oilaviy qadriyatlari va urf-odatlariga ega. Turklar, armanlar, uyg‘urlar, ozarbayjonlar, nemislar, yahudiylar oilalari o‘z madaniy meroslarini saqlab kelmoqda. Ularning qadriyatlari va an‘analari nafaqat o‘z milliy o‘ziga xosligini saqlab qolishda, balki O‘zbekistonning madaniy boyligini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi.