O‘zbekistonda yashovchi ruslar mamlakatning madaniy va ijtimoiy hayotiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning oilaviy qadriyatlari va an’analari uzoq tarixga ega bo‘lib, turli davrlarda turli ta'sirlar ostida rivojlanib kelgan. Mamlakatimizdagi rus oilalari nafaqat o‘z milliy xususiyatlarini saqlab qolgan, balki mahalliy o‘zbek madaniyatining ba'zi xususiyatlarini ham qabul qilgan.
O‘zbekistondagi rus oilalari
Tarixan rus oilalari patriarxal tuzilishga ega bo‘lib, ota oila boshlig‘i sifatida e‘tirof etilgan. Oilaning boshqaruvi, bolalar tarbiyasi va iqtisodiy faoliyati otaning zimmasida bo‘lgan. Ayollar esa uy ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Pravoslav qadriyatlari rus oilalarining shakllanishiga katta ta‘sir ko‘rsatib, mehr-oqibat, vijdon va oila birligini muhim tamoyillar sifatida belgilab bergan. Bugungi kunda rus oilalari gender tengligi, ta'limga e'tibor va iqtisodiy mustaqillik tamoyillariga asoslanmoqda. Ayollarning ijtimoiy va kasbiy hayotdagi faolligi oshib, ota-onalar farzandlarning mustaqil qaror qabul qilishini qo'llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, ta‘lim olish, shaxsiy rivojlanish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish rus oilalarining muhim jihatlariga aylangan.
Oʻzbekistondagi ruslar tojiklar va qozoqlar bilan birga mamlakatdagi eng yirik etnik birliklardan biri, shuningdek, zamonaviy Rossiyadan tashqaridagi eng yirik rus diasporalaridan biridir.
O'zbekistonda yashovchi ruslarning aksariyat qismi yirik shaharlarda istiqomat qiladi va ularning ko'pchiligi poytaxt Toshkent shahrida yashaydi.
Mamlakatimizda yashaydigan rus millatiga mansub aholining oilaviy qadriyatlari bugungi kunda transformatsiyaga uchramoqda. Buning asosiy sababi sifatida globallashuv tufayli qadriyatlar tizimi o'zgarib borayotganligi, rus millati orasida internatsional oilalar (boshqa millat vakillari - o'zbek, koreys, qozoq, ukrain va boshqalar bilan tuzilgan oilalar) ko'payib borayotganligini ko`rsatish mumkin.

O‘zbek va rus oilalari o‘rtasidagi o‘xshashliklar
Rus va o‘zbek oilalarining qadriyatlar tizimi bir qator jihatlarda o‘xshash bo‘lib, bu ikki xalqning madaniy va ijtimoiy yaqinligini aks ettiradi. Asosiy o‘xshashliklarni quyidagilarda ko'rish mumkin:
- Oilaga hurmat: Har ikkala millatda oila jamiyatning asosiy birligi hisoblanadi. Shuningdek, katta avlod vakillariga chuqur hurmat saqlanadi.
- Farzand tarbiyasi: Rus va o‘zbek oilalarida bolalarga ta'lim olish, odob-axloq qoidalariga rioya qilish va oila qadriyatlarini hurmat qilish kabi fazilatlar singdiriladi.
- Bayramlarni nishonlash: Bayramlar har ikki millat madaniyatida ham asosiy o'rinlardan birini egallaydi. Yangi yil va boshqa diniy yoki milliy bayramlar oila jipsligini mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Masalan, rus oilalarida Rojdestvo, o‘zbek oilalarida esa Navro‘z katta tantana bilan nishonlanadi.
- Mehmondo‘stlik: Mehmon kutish va ularga alohida hurmat ko‘rsatish har ikkala millatda o‘ziga xosdir. Mehmondo‘stlik oilaning sha‘ni va obro‘sini namoyish etadi. Lekin bevosita mehmon kutish bilan bog'liq marosimlar bir-biridan farq qiladi.
Rus oilalari, tarixiy jihatdan, mustahkam oilaviy qadriyatlar va milliy an’analarga asoslangan. Pravoslav dini qadriyatlari oilaning ma'naviy asosini tashkil qilgan. Bugungi kunda bu qadriyatlar modernizatsiya jarayonida qayta shakllanib, zamonaviy jamiyat talablariga moslashmoqda. Rus oilalarida:
- San'at va madaniyatga e'tibor: Musiqa, adabiyot va teatr oilaviy tarbiyaning ajralmas qismidir. Bolalar yoshligidan klassik san‘atga qiziqtiriladi.
- Ta'limga urg‘u berish: Rus oilalari ta'lim va shaxsiy rivojlanishga katta ahamiyat beradi. Farzandlarning yuqori darajadagi bilim olishlari ota-onalar uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.
- Mehnatsevarlik: Iqtisodiy mustaqillik va mas'uliyat har bir oila a‘zosi uchun muhim qadriyatdir.
Rus oilalarida urf-odatlar va marosimlar oila jipsligini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Xususan,
- Rus oilalarida nikoh odatda cherkov va davlat organlari tomonidan tasdiqlanadi. To‘y marosimlari keng ko‘lamda, musiqa va raqslarga boy tarzda o‘tkaziladi.
- Pasxa va Rojdestvo: Ushbu bayramlar rus oilalari uchun muhim hisoblanib, ularda maxsus taomlar tayyorlanadi va oilaviy yig‘ilishlar tashkil qilinadi.
- Yangi yil bayrami: Yangi yil oilaviy jipslik va yangi rejalarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu bayram rus oilalarida bolalar uchun alohida quvonch keltiradi.
O‘zbekistondagi rus oilalari o‘zining madaniy boyligi va oilaviy qadriyatlari bilan ajralib turadi. Ularning o‘zbek oilalari bilan o‘xshash jihatlari xalqaro madaniy uyg‘unlikning yorqin namunasidir.