Oilaviy qadriyatlar har bir jamiyatning asosi bo‘lib, ular milliy madaniyat va ijtimoiy tuzumga qarab turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Oilaning o‘rni davlatlar va xalqlarning tarixiy, diniy va madaniy xususiyatlariga qarab farqlansa-da, umumiy maqsadlar bir: avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, farzandlarni tarbiyalash va oila birdamligini avaylab-asrash. Ayniqsa, zamonaviy globallashuv sharoitida oilaviy qadriyatlarning ahamiyati yanada oshmoqda, chunki ular inson o'zligini saqlab qolishi hamda jamiyatning ijtimoiy muvozanatini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Bugungi kunda har bir millatdagi oila institutining ma'naviy qiyofasi, qadriyatlar tizimi o'ziga xos bo'lib, biri ikkinchisiga o'xshamaydi. Quyida ba'zi davlatlardagi oila institutiga munosabat, oilaviy qadriyat tizimining o'ziga xos xususiyatlari haqida bilib olishingiz mumkin:
Janubiy Koreyada xodimlarning oilalari mustahkamligini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun alohida sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim farzandli bo‘lish, bola parvarishini qo‘llab-quvvatlash yoki kichik yoshdagi farzandlari bo‘lgan xodimlar uchun moslashuvchan ish vaqti rejimini joriy etgan tashkilot va korporatsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyada haftaning chorshanba kunida “Oilaviy muhabbat kuni” aksiyasini o‘tkazish targ‘ib etiladi. Aksiya doirasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar ishdan o‘z vaqtida chiqishlari va kunning qolgan qismini oila a’zolari bilan birgalikda o‘tkazishlari tavsiya etiladi.
Yaponiyada rasmiy oila qayd kitobi ya’ni “koseki” an’anasi mavjud. Bu qayd kitobi barcha oilalardan o‘z a’zolarining tug‘ilgan joyi, tug‘ilgan sanasi, oilaning boshqa hududga ko‘chishi, nikoh, ajralish, farzandlikning tan olinishi, farzandlikka olish va vafot etish kabi ma’lumotlarni xabar qilishni talab etadi.
Xitoy jamiyatida eng asosiy oilaviy qadriyatlar sifatida Konfutsiylik ta’limoti asosida shakllangan kattalarga hurmat, oilaga sadoqat, hamjihatlik va hamkorlik kabilar katta e’tibor qaratiladi.
Hindistonda 2007-yilda “Ota-onalar va keksa fuqarolarni ta’minlash va farovonligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, ushbu qonun farzandlarga keksa ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini yuklaydi.
Birlashgan Arab Amirliklarida 2018-yil mart oyida Jamiyatni rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan oila institutining milliy o‘ziga xosligini, milliy qadriyatlari va axloqini saqlab qolish, oilaviy baxtni ta’minlash kabi 5 ta maqsad ilgari surilgan Milliy oila siyosatini tasdiqlangan. BAAda Ijtimoiy rivojlantirish boshqarmasi (Department of Community Development) tomonidan 3 yilga mo‘ljallangan Oila farovonligi strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, u nikoh va oilaga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi markazlar orqali yosh ota-onalarni tayyorlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Eronda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash davlat siyosati, diniy qadriyatlar va an’anaviy yondashuvlar bilan birgalikda amalga oshiriladi. Qadriyatlar asosida oila a’zolarini birlashtirishda Navro‘z kabi milliy hamda Ramazon oyi kabi diniy bayramlar va marosimlar katta ta’sir kuchiga ega.
Turkiyada oila institutini mustahkamlash va jamiyatda sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan ijtimoiy siyosat amalga oshiriladi. Shuningdek, mamlakatda ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Rossiyada 2024-yil “Oila yili” deb e’lon qilindi hamda bu yil davomida oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoya va oilaviy ta’limni kuchaytirish kabi oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi. Oilaviy muammolarni hal qilish va munosabatlarni yaxshilash maqsadida psixologik yordam va maslahat xizmatlari tashkil qilingan. Bu markazlar oila a’zolariga psixologik qo‘llab-quvvatlash va maslahatlar beradi.
Shvetsiyada oilalar kuchli ijtimoiy himoyalanganligi, shaxsiy erkinlik va huquqlarning yuqori darajasi oilaviy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatishi, oilalarda inklyuzivlik va tenglik faol ravishda targ‘ib qilinishi bilan ajralib turadi. Oilada jamiyat va atrof-muhit muammolarini qamrab oluvchi kuchli ijtimoiy mas’uliyat hissi mavjud. Shvetsiyalik oilalar, odatda, atrof-muhitning insonga ta’sirini yaxshi bilishadi va shu sababli oilada energiyani tejash va ekologik toza mahsulotlarni tanlashga harakat qilinadi.
Germaniyada oilalarga psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatuvchi markazlar faoliyat yuritadi. Bu markazlar oilaviy muammolarni hal etishda, bolalar tarbiyasida va oilaviy munosabatlarni yaxshilashda yordam beradi. Mamlakatda ish beruvchilar xodimlarining oilaviy majburiyatlarni inobatga olgan holda, ish vaqtida moslashuvchanlik (masofaviy ishlash imkoniyatlari, qisqa ish soatlari va bolalarni parvarishlash uchun ta’tillar kabi) yaratishga harakat qiladilar.
Norvegiya oilalarida nikoh muhim oilaviy qadriyat bo‘lib, oila qurish va xavfsiz uy-joy bilan ta’minlanish asosiy jihatlardan sanaladi. Norvegiyada ota-onalar farzandlarining hayotida faol ishtirok etadi. Maktabda ta’lim olish uchun yordam berish, sport bilan shug‘ullanish yoki oilaviy dam olish va suhbatlar uchun alohida vaqt ajratadilar. Shuningdek, Norvegiyada gender tengligiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu ota-onaning ikkisi ham farzand tarbiyasi va uy xo‘jaligini boshqarishda teng ishtirok etishida namoyon bo‘ladi.
Ko'proq ma'lumot uchun ustiga bosing:
>>> Birlashgan Arab Amirliklarida oilalar