Oilaviy qadriyatlar nima?

Oilaviy qadriyatlar – bu jamiyatning ma’naviy va axloqiy asoslarini shakllantiruvchi, oila institutining barqarorligini ta’minlovchi ijtimoiy qadriyatlarning bir ko‘rinishi, normativ tamoyillar va me’yorlar majmui hisoblanadi.

Oilaviy qadriyatlar insonlar orasidagi munosabatlar tizimini tartibga soluvchi, individual va jamoaviy mas’uliyatni shakllantiruvchi, shaxsning ijtimoiy identifikatsiyasida muhim o‘rin tutuvchi qadriyatlardir. Ular oilaning mustahkamligi, tarbiya jarayonlari, madaniy merosning saqlanishi va uzatilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

     Oilaviy qadriyatlar — bu oila a’zolari o‘rtasidagi hurmat, mehr-muhabbat, halollik, hamjihatlik kabi muhim axloqiy tamoyillar, urf-odat va an’analar tizimi bo‘lib, ular oila ichidagi munosabatlarni mustahkamlaydi va avloddan-avlodga o'tib keladi.

     Oilaviy qadriyatlar nikohga bo‘lgan munosabatda, oilaviy hayotning maqbulligida, ajralishning salbiy idrokida va albatta, yuqori reproduktiv munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Oilaviy qadriyatlarning an’anaviyligi shundan iboratki, bola uchun ijtimoiylashuvning asosiy bosqichi aynan oilada sodir bo‘ladi. Ota-onalar bolaga axloqiy ko‘nikmalarni, xulq-atvor qoidalarini, shu jumladan, ijtimoiy va madaniy me’yorlarni o‘zlashtirish jarayonida yordam beradi.