Ukrainlar O‘zbekistonga asosan Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi davrda, shuningdek, sobiq Sovet Ittifoqining sanoatlashtirish siyosati tufayli ko‘chib kelishgan. 1940-1950-yillarda Sovet Ittifoqi ukrainlar va boshqa millatlarni Markaziy Osiyoga ko‘chirish orqali ularni sanoat, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani rivojlantirishda faol ishtirok etishga jalb qilgan. O‘zbekistonda istiqomat qiladigan ukrainlarning umumiy soni taxminan 70 mingga yaqin bo‘lib, ular asosan Toshkent, Nukus shaharlari va Farg‘ona vodiysida yashaydi.
O‘zbekistondagi ukrain oilalari
Ukrain oilalarining tarixiy modeli patriarxal bo‘lib, oila boshlig‘i sifatida ota tan olingan. Oila ichidagi mas'uliyatlar aniq taqsimlangan: erkaklar oilaning iqtisodiy ta'minoti bilan shug‘ullangan, ayollar esa uy ishlari va bolalar tarbiyasi uchun mas'ul bo‘lgan. Ukrain oilalari qishloq xo‘jaligiga asoslangan hayot tarzi bilan ajralib turgan. Oila a‘zolari birgalikda ishlagan va bu birdamlikni mustahkamlagan. Hozirgi kunda ukrain oilalarida gender tengligi va ta‘limga katta e‘tibor berilmoqda. Ayollar oilaviy hayot bilan birga kasbiy rivojlanishda ham faol ishtirok etmoqda. Farzandlarning ta‘lim olishi va shaxsiy rivojlanishi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Ukrainlarning oilaviy qadriyatlari ularning madaniyati va turmush tarzida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistondagi ukrainlar milliy madaniyat va qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida oilaviy munosabatlarga katta ahamiyat berishadi.
Ukrainlarda oila birdamligi eng muhim qadriyatlardan biridir. Oila a'zolari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni asrash va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ukrain oilalarida asosiy o‘rin tutadi. O‘zbekistondagi ukrain oilalari ham bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish, muammolarni birgalikda hal qilishga ahamiyat beradilar. Bayramlar va oilaviy tadbirlar bu birdamlikni yanada mustahkamlaydi.
Ukrain oilalarida keksalar katta hurmatga sazovordir. Ular hayot tajribasini qadrlaydilar va keksalarni oilada asosiy maslahatchi deb bilishadi. Ukrainlar keksa a'zolarga ehtirom ko‘rsatish va ularga g‘amxo‘rlik qilishni o‘z burchi deb hisoblaydilar. Ushbu qadriyat nafaqat oilada, balki jamoada ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ukrain oilalari bolalarni tarbiyalashda yuqori darajada mas'uliyat his qiladilar. Bolalarga mehnat va odob-axloq qoidalarini o‘rgatish, ta'lim va tarbiyaga katta ahamiyat berish ularning asosiy qadriyatlaridan biridir. Bolalarni milliy madaniyatga hurmat va ijtimoiy manfaatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga harakat qilishadi.
Ukrain oilalarida hayotning turli sohalariga oid maqollar, hikmatli so'zlar keng tarqalgan bo‘lib, ularda oila qadriyatlari, mehnat, mehr-oqibat va insoniylik kabi tushunchalar muhim ahamiyat kasb etadi. Quyida ukrain madaniyatida uchraydigan mashhur aforizmlar keltirilgan:
"Де рідний дім, там і рай" – «Qayerda oila bor, o‘sha yer jannatdir».
"Праця людину годує, а лінь – марнує" – «Mehnat odamni boqadi, yalqovlik esa uni yo‘q qiladi».
"Чужа душа – то темний ліс" – «Begona ko‘ngil – qorong‘i o‘rmon».
" В сім’ї — і сила, і правда, і воля" – «Oilada kuch, haqiqat va erkinlik bor».
"Без біди друга не пізнаєш" – «Qiyinchiliksiz do‘stni tanib bo‘lmaydi».

Ukrain oilalarida an'anaviy gender rollari mavjud bo‘lib, erkaklar oila boshlig‘i hisoblanadi va moliyaviy mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladilar. Ayollar esa uy yumushlari va bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar. Biroq, zamonaviy ukrain oilalarida ayollar ham mehnat qilish va karyera qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Ukrain oilalarida milliy va diniy bayramlar katta ahamiyat kasb etadi. Oila a'zolari Rojdestvo va Pasxa kabi bayramlarda bir joyga to‘planib, milliy taomlar tayyorlash, qo‘shiqlar aytish va raqsga tushish orqali madaniyatni saqlab qolishga e'tibor qaratadi.
Ukrainlarda oilaviy mas'uliyat va vazifalar barcha a'zolar o‘rtasida taqsimlanadi. Har bir kishi o‘z vazifasini bilib, uy yumushlari, moliyaviy ishlar va bolalar tarbiyasida qatnashadi. Bu oilada muvozanat va uyg‘unlikni saqlashga yordam beradi.
Ukrain va o‘zbek oilalari o‘rtasida ko‘plab umumiylik mavjud. Quyidagi jihatlar ikki millatning madaniy yaqinligini ko‘rsatadi:
- Har ikkala millatda oila jamiyatning asosiy poydevori hisoblanadi. Oilaviy birdamlik barcha qarorlar va tadbirlarning markazida turadi.
- Bobolar va buvilar oilaviy qadriyatlarning saqlanishida muhim rol o‘ynaydi.
- Mehmon kutish madaniyati ukrain va o‘zbek oilalarining ajralmas qismidir. Mehmonlarga alohida e‘tibor va hurmat ko‘rsatiladi.
- Milliy va diniy bayramlar oilalarni birlashtiruvchi vosita sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek va ukrain oilalari o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ikki millatning bir-birini yanada boyitishiga xizmat qilmoqda.