O‘zbekistondagi tatar jamoalari turli etnik va madaniy xususiyatlarga ega bo‘lib, ularning hayoti va ijtimoiy munosabatlari tarixiy jarayonlar, ayniqsa, deportatsiya va assimilyatsiya jarayonlari orqali shakllangan.
Ikki asosiy guruh - Volga va Qrim tatarlari – turli tarixiy va madaniy sharoitlarga ega bo‘lgani sababli turli tafovutlarga ega. O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligi taqdim qilgan ma’lumotlarga qaraganda, 2021-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tatarlarning umumiy soni 187,3 ming kishini tashkil etgan.
O‘zbekistondagi tatar oilalari
O‘zbekiston tarixida tatarlar o‘zining boy madaniyati va mehnatsevarligi bilan ajralib turadi. Ular o‘zbek millati bilan birga tinch-totuv yashab, jamiyatning ijtimoiy-madaniy rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelgan. Tatar oilalarida qadimdan oilaviy birdamlik va katta avlodga hurmat ustuvor ahamiyat kasb etgan. Farzandlar kichik yoshidan boshlab mehnatsevarlikka, odob-axloqqa va oilaviy qadriyatlarni hurmat qilishga o‘rgatilgan. Oilada islomiy qadriyatlar muhim o‘rin tutib, halollik, saxiylik va oila birdamligi asosiy tamoyil bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda tatar oilalari an'anaviy oilaviy qadriyatlarini zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Bugungi kunda O'zbekistonda yashovchi tatarlarni 2 guruhga ajratish mumkin: Qrim tatarlari va Volga tatarlari.
Qrim tatarlari. Qrim tatarlari 1944-yilda Qrimdan ommaviy deportatsiya qilingan. Ular O‘zbekiston va sobiq Sovet Ittifoqining boshqa respublikalariga majburan ko‘chirilgan. Bugungi kunda Qrim tatarlari O‘zbekistonda, asosan Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlarda istiqomat qilishadi. Ular o‘z milliy madaniyatini vorisiylik asosida avlodlariga uzatish orqali saqlab qolishga harakat qiladilar va milliy o‘zliklarini asrab qolish uchun turli madaniy va diniy tadbirlarni o‘tkazishadi.
Volga tatarlari. Volga tatarlari esa o‘zgacha tarixga ega bo‘lib, ularning ayrimlari Markaziy Osiyoga 20-asrning boshlarida kelishgan. Volga tatarlari o‘zlari uchun qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida faoliyat yuritishni tanlashgan va odatda murakkab oila shaklida, ya’ni bir necha avlod vakillarining bir xonadaonda yashash madaniyatini saqlab qolishgan. Ularning ijtimoiy hayotida oila instituti muhim ahamiyatga ega bo‘lib, oilada ota boshliq bo‘lishi, ayollar va erkaklar o‘rtasida an’anaviy gender vazifalar taqsimoti ustuvor bo‘lishiga urg‘u qaratiladi.
Quyida tatar madaniyatida uchraydigan ayrim aforizmlar keltirilgan:
"Ata-babaң ishlәgәne – balalarыңga miras" – «Otalar qilgan mehnat farzandlar uchun merosdir»
"Dөnya bit kөlgәngә kөlә" – «Hayot ham kulganga kular»
"Tuz ipi bar җirgә bar" – «Tuzli non bor yerda bor»
"Atasы gali, ulыm bәli" – «Ota kabi o‘g‘il ham»
"Yaxshы sүz – җan azыgы" – «Yaxshi so‘z – jon ozuqa»
Mazkur aforizmlar tatar xalqining qadriyatlari, mehnatga bo‘lgan qarashlari va oilaviy munosabatlarini ifodalaydi.


O'zbekistondagi tatar oilasi
(realnoyevremya.ru saytidan)
Hozirgi vaqtda Qrim va Volga tatarlari assimilyatsiya va o‘z madaniyatini saqlab qolish o‘rtasida muvozanat topishga harakat qilishmoqda. Ular o‘z madaniyati va an’analarini bayramlar, qo‘shiqlar va millat madaniyatini namoyish etish orqali saqlab qolishga intiladilar.
O‘zbekistondagi tatar jamoalari o‘zlarining tarixiy va madaniy meroslarini saqlab qolishga harakat qiladigan faol guruhlardan biri sanaladi. Ularga xos bo‘lgan milliy an’analar, oilaviy qadriyatlar va diniy e’tiqod ularning o‘zliklarini saqlab qolishlariga ko‘maklashadi. Qrim va Volga tatarlari o‘rtasidagi madaniy farqlar ularning turli tarixiy jarayonlar natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, bu ularning turmush tarzi, an’analari va ijtimoiy munosabatlariga ta’sir qilgan.
O‘zbek va tatar oilalari o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘llab-quvvatlash uzoq tarixga ega. Tatar oilalari mahalliy o‘zbek an‘analarini hurmat qilgan holda, o‘zining milliy urf-odatlarini saqlab qolgan. Ikkala millatning oilalari birgalikda madaniy tadbirlarda ishtirok etib, bir-birlarining madaniyatini boyitmoqda. Ta‘lim va kasbiy sohalardagi hamkorlik esa ikki xalqning ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.