O‘zbekistonda istiqomat qiladigan o‘zbeklardan keyingi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan millat tojik millatidir. Tojiklar eroniy xalqlardan biri hisoblanadi. 2021-yilning 1-yanvardagi hisob-kitoblariga koʻra, O'zbekistonda tojiklar jami 1.8 mln nafarni (aholining 4.8% foizini) tashkil qilgan.
O'zbekistondagi tojik oilalari
O‘zbeklar va tojiklar asosan til jihatidangina farqlanadi. Boshqa barcha jihatlarimiz, ya’ni turmush tarzimiz, kiyimlarimiz, ovqatlarimiz, musiqamiz, raqslarimiz, oilaviy an’analarimiz juda-juda o‘xshash. Misol uchun, bir maqom musiqasi boshlansa, hech kim oldindan uning o‘zbekcha so‘zlar bilan aytilishi yoki tojikcha so‘zlar bilan aytilishini bashorat qila olmaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Biz tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamkorlik kabi buyuk ne’matlarni alohida qadrlashimiz va mustahkamlashimiz, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini tarbiyalashimiz kerak. Sa’y-harakatlarimizni birlashtirsakkina, xalqlarimiz uchun tinchlik va xotirjamlikni, kelgusi avlodlarga farovon hayotni ta’minlashdek umumiy maqsadga erishishimiz mumkin.
Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbek va tojik xalqi azaldan bir biri bilan hamjihat bo‘lib yashab kelmoqda.
Birinchidan, azal-azaldan bu ikki xalq Markaziy Osiyo hududlarida yonma-yon, baqamti, yelkama-elka, quda-anda, yor-birodar, qarindosh-urug‘, qondosh, jondosh, maslakdosh bo‘lib yashab kelgan. Tarixchi olimlar bu birlik tarixini eramizdan oldingi III asrlardan ham izlab topishadi. Biz qo‘shilib-qorishib, birlashib, yagona ijtimoiy-siyosiy, madaniy, g‘oyaviy, diniy birlik paydo qilib yashab kelyapmiz.
Ikkinchidan, O‘zbekistonimizda son jihatidan tojiklar o‘zbeklardan keyingi ikkinchi, Tojikistonda esa o‘zbeklar tojiklardan keyingi ikkinchi millat hisoblanadi. Shunisi ham borki, ayrim yakka hodisalarni hisobga olmasak, O‘zbekiston tojiklari Tojikistondan ko‘chib kelmagani singari, Tojikiston o‘zbeklari ham O‘zbekistondan ko‘chib borib qolgani yo‘q. Shuning uchun O‘zbekiston tojiklarining asl Vatani – O‘zbekiston, Tojikiston o‘zbeklarining asl Vatani – Tojikiston. Siyosiy atama bilan aytganda, O‘zbekiston tojiklari ham, Tojikiston o‘zbeklari ham diaspora, ya’ni muayyan ijtimoiy-siyosiy voqea-hodisalar ta’sirida bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chgan qavm emas.
Tojik oilasi asosan uch avlodli keng qamrovli tuzilishga ega bo‘lib, oilada katta avlod vakillari – bobolar va buvilar yetakchi mavqega ega. Ularning hayotiy tajribasi, maslahatlari oilaning iqtisodiy va ma’naviy barqarorligini ta‘minlashda katta rol o‘ynaydi.
Erkaklar oilaning moddiy ta‘minotini, ayollar esa uy-ichki ishlarini boshqarib, farzandlar tarbiyasini nazorat qiladi. Qizlar va o‘g‘il farzandlarning tarbiyasiga alohida e‘tibor beriladi – ular yoshligidan kelajakda oilaning sharafini saqlashga, ota-onaga xizmat qilishga o‘rgatiladi.

Uchinchidan, O‘zbekiston dunyodagi boy forsiy meros yaratilgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizdan turli zamonlarda Am’aq Buxoriy, So‘zaniy Samarqandiy, Asiriddin Axsikatiy, Sayfi Farg‘oniy, Badriddin Chochiy, Pahlavon Mahmud, Xoja Ismat Buxoriy, Abdurahmon Mushfiqiy, Shavkat Buxoriy, Nosir Buxoriy, Mirzo Sodiq Munshiy, Shamsiddin Shohin, Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy kabi ko‘plab tojikzabon shoir va adiblar yetishib chiqqan. Abu Abdullo Rudakiy asarlarining katta qismi, hatto Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sining ayrim sahifalari ham aynan Buxoroda ijod qilingan.
Tojik oilalarining asosiy xususiyatlaridan biri ularning milliy urf-odatlarni saqlash va rivojlantirishga bo‘lgan e‘tiboridir. Masalan, Navro‘z bayrami tojik madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu bayramlarda oilaviy yig‘ilishlar, marosimlar o‘tkazilib, qariyalar duolari olinadi.
Bundan tashqari, tojik oilalarida jamoaviy mehnat va o‘zaro yordam an‘anasi saqlanib qolgan. Uy qurish, hosil yig‘ish va to‘y tadbirlarida butun jamoa birgalikda harakat qiladi. Bu esa oila va mahalla institutining mustahkamligini ta‘minlaydi.