O‘zbekiston Respublikasi – Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan, boy tarixga ega bo‘lgan, ko‘p millatli davlatdir. Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila vakillari sifatida tinch-totuv hayot kechirmoqda.
Har bir millatning o'z urf-odatlari, qadriyatlari tizimi bo'lgani kabi faqatgina shu millatgagina xos bo'lgan oilaviy qadriyatlari, an'analari ham mavjud. Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlarning madaniyati, an’analari va oilaviy qadriyatlari bir-biri bilan uyg‘unlashib, mamlakatni yanada boyitib kelmoqda.
O‘zbekiston – ko‘p millatli oila
O'zbekiston azal-azaldan ko'plab millat va elatlar uchun yagona oila bo'lib kelgan. Xalqimizda "Bolaning begonasi bo'lmaydi", "Bir bolaga yetti mahalla ota-ona" degan maqollarning mavjudligi yurtimizda doimo turli millat vakillaridan iborat oilalar ahil-inoq yashaganligi, bir-birlariga ko'mak berib kelganligidan dalolat beradi. Ikkinchi Jahon urushi davrida har xil millatga mansub 14 nafar bolani boqib olgan Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akramovalar oilasi aynan O'zbekiston yuksak axloqiy tamoyillar va oilaviy qadriyatlar tizimi mavjud bo'lganligini ko'rsatadi.
Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz – O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning – shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining o‘tmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulug‘ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.
Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston hududi qadimdan Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan bo‘lib, turli xalqlar va madaniyatlarning kesishgan nuqtasi sifatida tanilgan. Bu yerda saklar, massagetlar, sog‘diylar va boshqa qadimgi qabilalar yashagan. Keyinchalik arablar, forslar, turklar va mo‘g‘ullar bu hududga o‘z madaniyatini olib kelgan. O‘rta asrlarda Markaziy Osiyodagi qadimiy shaharlar - Samarqand, Buxoro, Xiva - bilim va san‘at markazlari sifatida rivojlandi, bu esa turli millatlarning birgalikda yashashiga zamin yaratdi.
Turli xalqlar, jumladan, o‘zbeklar, qoraqalpoqlar, tojiklar, ruslar, koreyslar va tatarlar, O‘zbekiston hududida asrlar davomida o'z oilaviy qadriyatlarini saqlab kelgan. Masalan, o‘zbek oilalari qadimdan mehmondo‘stligi va yoshi kattalarning maslahati asosida qaror qabul qilish bilan mashhur bo‘lgan. Qoraqalpoqlar oilalarida jamoaviy mehnat va tabiatga hurmat qadriyatlariga alohida e'tibor qaratilgan. Sovet davrida ko‘chib kelgan koreyslar o‘z oilalarida ta'limga e'tibor qaratgan holda, o‘z madaniy qadriyatlarini saqlab qolishga harakat qilishgan.
O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va qulay iqlimi barcha millat vakillariga dehqonchilik bilan shug‘ullanish, hunarmandchilik va tadbirkorlik qilish imkonini bergan. Buning natijasida, turli millatlarning oilalari iqtisodiy barqarorlikka erishib, tinch-totuv yashash imkoniyatiga ega bo‘lganlar.
XX asrda ko‘plab millat vakillari, jumladan, ruslar va tatarlar, bu yerga ko‘chib kelib, o‘z madaniyatlarini yangi sharoitlarga moslashtirgan. Bu jarayon millatlararo integratsiyani kuchaytirib, bugungi kunda milliy xilma-xillikni shakllantirdi.
Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab O‘zbekiston hukumati millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli va barqaror siyosat olib bormoqda. 1992-yilda tashkil etilgan Millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (bugungi kunda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi) ushbu siyosatning muhim asosi sifatida turli millat vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida hamjihatlikni ta'minlashga qaratilgan faoliyatniamalga oshiradi.
O'zbekiston Respublikasida bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillaridan iborat 10 milliondan ortiq oilalar tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda.
O‘zbekistonda yashovchi barcha millatlarning umumiy xususiyatlari – oilaning muqaddasligi, oilaviy saqlashga intilish va mehmondo‘stlik kabi qadriyatlardir. Har bir millat o‘z madaniy an‘analari bilan ajralib tursa-da, ularning hammasi oila qadriyatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Bu qadriyatlar asosan, tarixiy, madaniy va ijtimoiy omillarga asoslanadi.
Tarixiy jihatdan, O‘zbekistonda oilalar avlodlararo tajriba almashinuvi orqali mustahkamlangan. Oilada katta avlod vakillarining maslahati nafaqat oilaviy, balki ijtimoiy hayotning ham ajralmas qismi sifatida qadrlanadi. Avlodlararo bog‘liqlik tufayli, har bir millatning oilaviy an‘analari madaniyatlararo hamkorlikka hissa qo‘shib kelgan.
Oilaviy hayotning ajralmas qismi sifatida to‘ylar, bayramlar va oilaviy marosimlar katta ahamiyatga ega. Masalan, Navro‘z bayrami – yangi hayotni boshlash ramzi sifatida barcha millatlar tomonidan nishonlanib, ularni birlashtiradi. Qurbon hayiti esa insonparvarlik va saxovatni aks ettiradi. Mustaqillik kuni yoki Yangi yil kabi bayramlar esa turli millatlarni birlashtirib, milliy va zamonaviy an‘analarni uyg‘unlashtiradi.
O‘zbekiston hududida yashash turli millatlarga o‘z madaniy qadriyatlarini rivojlantirish bilan birga iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy himoyaga ega bo‘lish imkonini bergan. Turli millat vakillari o‘z oilalarida ta‘lim, kasbiy mahorat va diniy an‘analarni uyg‘unlashtirib, yangi avlodni tarbiyalashda ijobiy sharoitlardan foydalangan. Bunday sharoitlar millatlararo aloqalarning yanada kuchayishiga, oilaviy qadriyatlarning boyishiga olib kelgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va ko‘p millatli jamiyat modeli dunyo tajribasida noyob hodisadir. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ko‘p millatli muhit davlatning ijtimoiy barqarorligini ta‘minlashda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistondagi ijobiy tajriba xalqaro ekspertlar tomonidan e‘tirof etilib, boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan siyosatning muvaffaqiyati, asosan, har bir millat vakilining o‘z madaniyati va urf-odatlarini saqlab qolishiga yaratilgan sharoitlarda ko‘rinadi. Bu esa jamiyatda birdamlik va barqarorlikni ta‘minlaydi.