
Yaponiyada oila
Oila (kazoku) yapon jamiyatining o‘zagini tashkil etadi. Yaponiyada insonlarning shaxsiyati, obro‘-e’tibori, majburiyatlari va mas’uliyati ularning oilasi bilan chambarchas bog‘liq. Yapon oilasiga asrlar davomida Konfutsiyning farzandlik burchiga oid g‘oyalari va belgilangan iyerarxik ijtimoiy munosabatlar ta’sir ko‘rsatgan. An’anaviy uy xo‘jaligi tuzilmasi “iye” deb atalib, u patriarxal boshqaruvdagi ko‘p avlodli xonadonni anglatadi.
Yaponiyada oila instituti an’anaviy va zamonaviy madaniyatning o‘zaro ta’sirini aks ettiruvchi muhim ijtimoiy institut hisoblanadi. An’anaviy ravishda, Yaponiyada oila iyerarxiyaga asoslangan va unda ota-ona, ayniqsa, otaning roli juda yuqori sanaladi. Yapon oilasida, ayolning o‘rni ko‘pincha “oyama” yoki “oyakata” deb atalgan, ya’ni uydagi ishlarni nazorat qiluvchi rolni anglatgan.
Oila birligining madaniy ahamiyati Yaponiyaning rasmiy oila qayd kitobi bo‘lmish “koseki”da o‘z aksini topgan. Bu qayd kitobi jamiyatning asosiy birligi sifatida alohida shaxsni emas, balki oilani tan oladi. Koseki barcha oilalardan o‘z a’zolarining tug‘ilgan joyi, tug‘ilgan sanasi, oilaning boshqa hududga ko‘chishi, nikoh, ajralish, farzandlikning tan olinishi, farzandlikka olish va vafot etish kabi ma’lumotlarni xabar qilishni talab etadi. Kosekiga odatda ikki avlodgacha (ko‘pincha er-xotin va ularning farzandlari) kiritilishi mumkin, shuning uchun odamlar turmush qurganda, ular ko‘pincha ota-onalaridan alohida koseki yuritadilar. Odamlar o‘zlari qaysi kosekiga ro‘yxatga olinganligi va unda qanday qayd etilganligi haqida qayg‘uradilar, chunki bu hayotning boshqa jabhalariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin[1].
Nikoh. Nikoh nafaqat ikki yoshning oila qurishini, balki ikki oilaning qarindoshlik rishtalarini bog‘lashini ham anglatadi va jamiyat tomonidan jiddiy qabul qilinadi. Bu mamlakatda unashtirish jarayoni va to‘y bilan bog‘liq bir qator o‘ziga xos urf-odatlar mavjud. Yaponiyada nikoh to‘ylari G‘arb uslubida ham, Shinto amaliyotiga asoslangan an’anaviy yapon to‘ylari ko‘rinishida ham o‘tkazilishi mumkin. Ba’zida to‘ylar har ikki uslubni ham qamrab olishi uchraydi.
Yaponiyaliklar, odatda, 20–30 yosh oralig‘ida oila qurishni ma’qul ko‘rishadi. Biroq so‘nggi yillarda oila qurish yoshi oshib borayotganini kuzatish mumkin. 1980- va 2020-yillar oralig‘ida aholi tarkibining oilaviy ahvoliga ko‘ra nisbatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, so‘nggi 40 yil ichida “turmush qurmaganlar” va “ajrashganlar” ulushi erkaklar va ayollar uchun sezilarli darajada oshgan. 30 yoshli turmushga chiqmagan ayollar ulushi 11,3 foizdan (1980-yil) 40,5 foizga (2020-yil), erkaklarda 31,1 foizdan (1980-yil) 50,4 foizga (2020-yil) oshdi. 1980-yilda turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan, ajrashgan yoki boquvchisini yo‘qotganligi sababli 50 yoshda turmush o‘rtog‘i bo‘lmaganlarning ulushi ayollar uchun taxminan 20% va erkaklar uchun 10% dan kam bo‘lgan, ammo 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 30% ni tashkil etdi[2].
Yaponiyada oilaviy ajralish holatlari kam uchraydi. Ajralish jarayonida ijtimoiy nazorat va iqtisodiy qiyinchiliklar mavjud. Biroq so‘nggi 20 yilda oilaviy ajralishlar soni ortib bormoqda[3]. Zamonaviy yapon oilasida an’anaviy va zamonaviy qadriyatlarning to‘qnashuvini kuzatish mumkin. Misol uchun, an’anaviy oilalarda ijtimoiy izolyatsiya va iqtisodiy bosimning kuchayishi, avlodlararo qo‘llab-quvvatlashning pasayishi kuzatilmoqda[4]. Shunday bo‘lsa-da, zamonaviy yapon jamiyatida an’anaviy oilaviy qadriyatlarning ahamiyati hali ham juda yuqori hisoblanadi.
So‘nggi o‘n yilliklarda Yaponiyada oila instituti sezilarli darajada o‘zgarmoqda. Sanoatlashuv va urbanizatsiya natijasida nuklear oilalar (faqat ota-ona va bolalardan iborat oilalar) keng tarqaldi. Ko‘p avlodli va katta oilalarning soni esa kamayib borishini kuzatish mumkin[5].

Yaponiyada yosh oilalar
Yaponiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga mamlakatda mavjud demografik inqirozni yumshatish vositasi sifatida qaralmoqda. Yaponiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash turli usullar orqali amalga oshirilmoqda. Mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qator yangi siyosatlar joriy qilinmoqda:
– Bolalar nafaqalarining kengaytirilishi. 2024-yilning oktabr oyidan boshlab, Yaponiyada bolalar uchun nafaqalar miqdori oshiriladi. Har bir bolaga 15 000 yen (taxminan 100 AQSh dollari) miqdorida nafaqa beriladi, bu ikki yoshgacha bo‘lgan birinchi va ikkinchi farzandlar uchun mo‘ljallangan. Uchinchi farzanddan boshlab esa har bir bola uchun nafaqa 30 000 yenga (taxminan 200 AQSh dollari) oshadi[6].
– Ota-onalar ta’tili. 2025-yildan boshlab ota-onalar uchun beriladigan ta’til nafaqalari oshiriladi. Bu ayniqsa otalarga bolalarga qarash uchun ta’til olishni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda[7].
– Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish. Davlat 2024-yil oxirigacha barcha bolalar uchun moslashuvchan soatlarda bog‘chaga borish imkoniyatini ta’minlashni rejalashtirmoqda. Bu ayniqsa ota-onalari turli sohalarda ishlayotgan oilalar uchun katta qulaylik tug‘diradi[8]. Qolaversa, ishlaydigan ota-onalarga yordam berish uchun arzon bolalar bog‘chalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirilmoqda[9].
– Yosh ota-onalarni qo‘llab–quvvatlash. Yosh ota-onalar duch keladigan qiyinchiliklarni tan olgan holda, hukumat va mahalliy hokimiyat organlari ularni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini joriy etish ustida ishlamoqda. Bu tizim yosh ota-onalarga ko‘maklashish uchun yordamchilarni tayyorlash va ularning ehtiyojlarini qondirish uchun maslahat xizmatlarini tashkil etish kabilarni o‘z ichiga oladi[10].
Mazkur choralar mamlakatning jiddiy demografik muammolariga javob bo‘lib, yosh oilalarga qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash orqali tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ushbu sa’y-harakatlar yosh oilalar uchun yanada qulay muhit yaratishga, bolalarning rivojlanish imkoniyatlariga ega bo‘lishini ta’minlashga va ota-onalarning ish va oila hayotini samarali muvozanatlashtira olishiga yo‘naltirilgan.
Yaponiyada keksalarga e’tibor va farzand tarbiyasida an’anaviy qadriyatlarning o‘rni
Yaponiyadagi oila institut bilan bog‘liq yana bir muhim jihat – keksa yoshdagi fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish. Yaponiya dunyoda eng tez keksayotgan aholiga ega davlatlardan biri bo‘lib, 2021-yilda fuqarolarning 29,1 foizi yoki 36,4 million nafari 65 va undan katta yoshda bo‘lgan[11]. Ushbu demografik ko‘rsatkichlar mamlakatda keksalarga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘proq e’tibor qaratilishiga olib kelmoqda. Yaponiyada keksa ota-onalarni parvarish qilish majburiyati ko‘pincha oila a’zolariga tushadi. Shu bilan birga, davlat ham qariyalar uchun yordam ko‘rsatish siyosatini kuchaytirmoqda.
Yaponiyada 2000-yilda joriy etilgan uzoq muddatli parvarish sug‘urta tizimi keksa aholini qo‘llab-quvvatlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Bu tizim keksalarga o‘z uyida xizmat ko‘rsatish yoki qariyalar uylari orqali zarur g‘amxo‘rlikni ta’minlashga ko‘maklashadi[12]. Oilalar a’zolarining, ayniqsa ayollarning keksa ota-onalariga qarashlari haqidagi an’anaviy kutilma hamon kuchli bo‘lib, bu farzandlik burchiga oid chuqur madaniy qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi.
Yaponlarning an’anaviy bola tarbiyalash usullariga, shuningdek, konfutsiylik va buddaviylik g‘oyalariga asoslanadi. Bu g‘oyalar kattalarga hurmat ko‘rsatish, itoatkorlik va oila totuvligini ustun qo‘yadi. Bu usullarda “amae” tushunchasi muhim o‘rin egallaydi, chunki u bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi chuqur ruhiy aloqa va o‘zaro bog‘liqlikni ifodalaydi[13].
Bugungi kunda yapon oilalari an’anaviy qadriyatlarni saqlab qolish va zamonaviy jamiyat o‘zgarishlariga moslashish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Masalan, bolalar tarbiyasida an’anaviy qadriyatlar hamon muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ota-onalik masalasiga xilma-xil va moslashuvchan yondashuvlar zarurligini tushunish tobora kengaymoqda. Bu jarayonga otalarning farzand tarbiyasida faolroq ishtirok etishi, ish va karyeraning muvozanatiga e’tibor qaratish ham kiradi.

Yaponiyada oilaviy qadriyatlarga e’tibor
Yaponiya oila ijtimoiy qadriyatlar tizimidagi yadro hisoblanadi. Oila, undagi shaxslararo munosabatlar yapon jamiyatiga kuchli ta’sir qiladi, insonning oilasi uning jamiyatdagi mavqeyini belgilab beradi. Yaponiyadagi oilaviy qadriyatlar mamlakatning madaniy va tarixiy xususiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ijtimoiy totuvlik, hokimiyatga nisbatan hurmat, oilaviy munosabatlarning kuchli o‘rni bilan ajralib turadi. Oilaviy qadriyatlar tizimi sintoizm, buddaviylik, konfutsiylik kabi diniy-axloqiy qarashlar ta’sirida shakllanib, unda oilaning birligi va totuvligi asosiy o‘rinda turadi. Yaponiyadagi oilaviy qadriyatlar tizimining o‘ziga xos xususiyatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
– farzandlik burchini ado etish (Oyako Kankei). Farzandlik burchini ado etish yapon oilaviy qadriyatlarining asosiy ustunlaridan biridir. Bu qadriyat ota-ona va ajdodlarga hurmat ko‘rsatish hamda g‘amxo‘rlik qilishga alohida e’tibor qaratadi. U ayniqsa keksaygan chog‘larida, farzandlarning ota-onalariga nisbatan chuqur mas’uliyat hissida namoyon bo‘ladi. Ushbu qadriyat yapon jamiyatiga chuqur singib ketgan bo‘lib, ko‘pincha axloqiy burch sifatida qabul qilinadi;
– oila birdamligi. Yaponiyada oila jamiyatning asosiy poydevori hisoblanib, oilaviy uyg‘unlikni saqlash g‘oyat muhim sanaladi. Oiladagi qarorlar ko‘pincha shaxsiy xohish-istaklardan ko‘ra butun oila farovonligini ko‘zlab qabul qilinadi. Oilaviy hayotga bunday jamoaviy yondashuv yapon oilalarining bayramlarni birgalikda nishonlash yoki ajdodlar qabrlarini ziyorat qilish kabi guruhiy faoliyatlar va an’analarga ustuvorlik berishida yaqqol namoyon bo‘ladi;
– oiladagi ayollarning an’anaviy roli. Yaponiyada ayollar azaldan oilada bolalarni tarbiyalash va keksalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun mas’ul hisoblanishadi. Garchi, mazkur gender rollar ayollarning XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ishchi kuchi sifatida ishtiroki ortib borishi bilan o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab uy xo‘jaliklarida hali ham ayollarni asosiy parvarish qiluvchilar sifatidagi roli saqlanib qolmoqda;
– birgalikda yashash. Yaponiyada bir tom ostida bir necha avlodlarning birgalikda yashashi odatiy hol bo‘lib hisoblangan. Bu bir tomondan keksalarga g‘amxo‘rlikni qilishni osonlashtirsa, ikknchi tomondan an’anaviy qadriyatlar va urf-odatlarni yosh avlodga o‘rgatishni ta’ minlaydi.
Ushbu an’anaviy oilaviy qadriyatlar yapon jamiyatida mustahkam saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, zamonaviy Yaponiya sezilarli o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Aholining qarishi, tug‘ilish darajasining pasayishi va gender rollaridagi o‘zgarishlar an’anaviy oila tuzilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biroq bu o‘zgarishlarga qaramasdan, ota-onaga hurmat, an’analarga sadoqat va oila birligi kabi asosiy qadriyatlar yapon jamiyatini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Alimov Sardor Komil o’g’li,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo’lim boshlig’i,
falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
[1] https://culturalatlas.sbs.com.au/japanese-culture/japanese-culture-family
[2] https://www.gender.go.jp/about_danjo/whitepaper/r04/zentai/html/honpen/b1_s00_01.html
[3] https://www.theatlantic.com/business/archive/2017/08/japan-rural-decline/537375/
[4] Chizuko Ueno. The Modern Family in Japan: Its Rise and Fall. Trans Pacific Press, 2009 – pp. 283. https://books.google.co.uz/books/about/The_Modern_Family_in_Japan.html?id=QA7g1MkA29MC&redir_esc=y
[5] https://we-xpats.com/ja/guide/as/jp/detail/9087/
[6] https://japannews.yomiuri.co.jp/politics/politics-government/20230615-116165/
[7] https://japannews.yomiuri.co.jp/politics/politics-government/20230615-116165/
[8] https://www.tokyofoundation.org/research/detail.php?id=958
[9] https://japan.kantei.go.jp/ongoingtopics/policies_kishida/childsupport.html
[10] https://japannews.yomiuri.co.jp/editorial/yomiuri-editorial/20211110-4017/
[11] https://daryo.uz/2021/09/21/yaponiyada-keksa-yoshli-aholi-soni-rekord-darajaga-yetdi/#:~:text=2020-yil%20yakunida%20Yaponiyada%20keksalar%20ishlaydigan%20fuqarolarining%
2013,6%20foizini%20tashkil%20qilardi.
[12] https://www.thelancet.com/journals/lanpub/article/PIIS2468-2667(17)30230-8/fulltext