
Turkiyada oila
Turkiyada oila – kundalik hayotning asosidir. 1950-yillardan buyon Turkiyadagi ijtimoiy o‘zgarishlar oila dinamikasiga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, ahamiyatini yo‘qotmagan. Bugungi kunda ham oila barqaror, ahil va mustahkam ijtimoiy tuzilma bo‘lib qolmoqda. Turkiyada insonning kundalik ehtiyojlari, birinchi navbatda, oila tomonidan qondiriladi[1].
Turk madaniyati oilaga asoslangan. Turklarda keksalik chog‘ida o‘z qarindosh-urug‘lari bilan aloqada bo‘lishi, ota-onasi va kattalariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak, degan qat’iy ishonch bor. Turklar balog’at yoshiga qadar o’z oilalarida uzoq vaqt yashashlari va muntazam ravishda oilalariga tashrif buyurishlari mumkin. Odatda, yaqin qarindoshlariga hissiy va iqtisodiy yordam taklifi bilan qo’ng’iroq qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, ularda oila dinamikasida hurmat yoshga qarab belgilanadi. Umuman olganda, oilaning kattasi eng katta vakolatga ega va uni hurmat qilmaslik yoki ra’yiga qarshi borish mumkin emas. Aksariyat turklar oqsoqollar oldida tortishishdan yoki chekishdan o‘zlarini tiyadilar, ularga nisbatan rasmiyroq munosabatda bo‘ladilar. Ushbu yosh iyerarxiyasiga ko‘ra, ota-onalar yo‘qligida, odatda, eng katta aka (ko‘proq o‘g‘il farzand)lar kichiklarga mas’ul bo‘lib, vasiy rolini o‘z zimmasiga oladilar[2].
Bugungi kunda oilaning qadr-qimmati kamaymagan bo‘lsa-da, oila tuzilishida ko‘plab farqlar rivojlandi. Bu, asosan, oilaning yashash joyiga bog‘liq bo‘lib, umuman olganda, bu shahar yoki qishloqda yashovchi oilalarga bo‘lingan. O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab, qishloqlar aholisining shaharlarga migratsiyasi kuchayishi bu vaziyatni yanada murakkablashdi[3].
Odatda, shaharlik turklar “yadro oila”ni ko‘proq afzal ko‘rishadi, qishloqda yashovchi turklar esa an’anaviy katta oilalarga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Yadro oilaning rivojlanishi Turkiyadagi modernizatsiyaning elementi bo‘lib, ko‘pincha Yevropa va boshqa G‘arb mamlakatlarda uchraydigan individualistik qadriyatlar va oilaviy tuzilmalarni aks ettiradi [4].
Yosh oilalar
Turkiyaning ba’zi hududlarida hali oila qurmagan yoshlar jamoat joylarida uchrashmasligi haqidagi kuchli ijtimoiy talab mavjud. Shu sababli, oila qurishni rejalashtirganlar, odatda, nikoh sababi bilan uchrashadilar, rasmiy fotihadan so‘ng esa, tez orada nikoh to‘yi marosimini o‘tkazishga intilishadi (ayniqsa qishloq joylarda).
Aksariyat yosh turklar taxminan 20–30 yosh atrofida turmush qurishadi. To‘y marosimlari ko‘pincha juda murakkab an’analarga mos ravishda o‘tkazilib, bir necha kunlik bayramlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu bayramlardan biri – kelin sharafiga marosim oldidan o‘tkaziladigan kecha bo‘lib, bu unga shodiyonani oilasi va do‘stlari davrasida nishonlash imkoniyatini beradi. An’anaga ko‘ra, kelin va uning do‘stlari oqshomning markaziy mashg‘uloti – “Xina kechasi”da qo‘llariga xina bezaklarini suradilar [5].
Xina kechasi to‘y marosimidan oldingi uchinchi kechada bo‘lib o‘tadi. An’anaga ko‘ra, kelin to‘y kuni qizil yoki binafsha rangli ko‘ylak kiyadi. Keyin kuyovning onasi kelinning qo‘liga oltin tanga qo‘yadi va uni xina to‘pi bilan qoplaydi. Ikkinchi kechada kelinning uyida to‘y o‘tkaziladi. Rasmiy to‘y kuni kuyov va uning do‘stlari uyning old tomoniga bayroq shaklidagi belgi ilib qo‘yishadi. Keyin kuyov va uning oilasi kelinni gullar va hoshiyalar bilan bezatilgan mashinalar paradida olib ketishadi. To‘y paytida mehmonlar yosh er-xotinni moliyaviy jihatdan yordam berish uchun kelinning ko‘ylagi etagiga pul yoki qimmatbaho taqinchoqlar solishadi. Marosim oxiri, ya’ni nikoh to‘g‘risidagi guvohnomani imzolash paytida, kelin va kuyov nikohda “uyda kim xo‘jayin” bo‘lishini aniqlab olish uchun oyoqlarini birinchi bo‘lib bosishga harakat qilishadi.
Farzand tarbiyasida an’anaviy qadriyatlarning o‘rni
Turk madaniyatida bolalar juda qadrlanadi. Bog‘cha yoshiga yetgan bolalar bolalar bog‘chasiga boradilar. Yoki ularni onasi yoki bobo-buvisi ularni kunduzgi maktabga qatnay boshlangunga qadar qarashadi [6].
Ko’pgina onalar shaharlarda ishlayotgan bo‘lsa ham, farzandlarga qarash, ta’lim-tarbiyasini nazorat qilish hanuzgacha onaning mas’uliyati bo‘lib qolmoqda. Turkiyadagi bolalarning atigi 2,8 foizi bolalar bog‘chasiga qatnasa, u holda ona o‘z farzandi va ishi o‘rtasida muvozanatni topishi kerak. Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va tarbiyalashda bobo va buvilar muhim rol o‘ynaydi, chunki ular odatda nevaralari bilan birga yashaydilar[7].
Oilaviy qadriyatlarga e’tibor
Turklar keng oilaviy guruhlarga yoki urug‘larga bo‘lingan. Bu guruhlar bir-biriga yaqin yashaydilar, bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatadilar, himoyalarini ta’minlaydilar (Yapp and Dewdney 2017). Qishloq jamoalarida klan ichidagi qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik butun oilaning hayoti va farovonligini, shuningdek, urug‘ning o‘zini himoya qilish qobiliyatini ta’minlashning kaliti bo‘lgan. Ayniqsa, qishloq joylarida birovning urug‘i ko‘pincha ijtimoiy o‘zaro ta‘siri va munosabatlarining yagona manbayi bo‘lgan.
An’anaga ko‘ra, erkaklar boquvchi bo‘lib, uy xo‘jaligining asosiy daromad manbayi hisoblanadi. Ular xo‘jalik bilan bog‘liq ishlarni bajarmaydilar, onalariga yordam berishi mumkin bo‘lganlari esa o‘g‘il farzandlardir. Ayollar, odatda, uy bekasi sifatida ko‘rilib, oila budjetini boshqaradi, ovqat pishiradi, tozalaydi. Qishloq joylarda ular qishloq xo’jaligiining asosiy qismi – bolalar ta’limi va boshqalar bilan shug‘ullanish orqali oilaga o‘z hissasini qo’shishlari mumkin.
Ayollar an’anaviy ravishda erkaklarnikiga qaraganda ko’proq ijtimoiy muvofiqlikni kutishadi va ko’pincha himoya qilinishi lozim bo‘lgan zaif qatlam sifatida ko’riladi. Ulardan kamtarlik ko‘rsatish, isnod yoki axloqsiz xatti-harakatlar bilan oilasini sharmanda qilmaslik talab etiladi. Shu bilan birga, otalar va erlardan oila sha’nining qo‘riqchisi bo‘lish, o’zlarining ayol oila a’zolarini janjaldan saqlashni o‘zlarining burchi deb bilishlari talab qilinadi. Oilaning yoshi katta erkagi oila sha’nini saqlash uchun o‘z oila a’zolarining xatti-harakatlari to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Rajabov Shuxratjon Sheraliyevich,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti v.b.,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
[1] Nina Evason. Turk oilasi. // https://culturalatlas.sbs.com.au/turkish-culture/turkish-culture-family 2019 y.
[2] Gurbuz, Şeyma Nazli and Nurefsan Kutlu. “The perfect henna night: Transformation of a traditional Turkish wedding ritual.” January 20, 2017. // https://www.dailysabah.com/feature/2017/01/21/the-perfect-henna-night-transformation-of-a-traditional-turkish-wedding-ritual Accessed Oct. 2, 2018
[3] Peyj Jordan. Turkiyada oila va qarindoshlik. https://ohiostate.pressbooks.pub/windowsintoturkishculture/chapter/chapter-9-family-and-kinship-in-turkey/
[4] Peyj Jordan. Turkiyada oila va qarindoshlik. https://ohiostate.pressbooks.pub/windowsintoturkishculture/chapter/chapter-9-family-and-kinship-in-turkey/
[5] Nina Evason. Turk oilasi. https://culturalatlas.sbs.com.au/turkish-culture/turkish-culture-family 2019 y.
[6] Deggin, Cameron. “Love and marriage in Turkey: culture, customs and tradition.” Property Turkey, Property Turkey Limited, 29 Mar. 2017, www.propertyturkey.com/blog-turkey/love-and-marriage-in-turkey.
[7] “Family .” Youth For Understanding Türkiye, Youth for Understanding Turkiye, yfu-turkey.org/welcome-to-turkey/family/. Accessed October 25, 2017.
[8] Ozbek, Pinar. “Mustafa Kemal Ataturk and His Reforms.” Penn State “Leadership in a Global Context,” Feb. 8, 2018, https://sites.psu.edu/global/2018/02/08/mustafa-kemal-ataturk-and-his-reforms/ Accessed Oct. 2, 2018