Vaqtni behuda sarflamaslik (vaqtni tejash, taym-menejment) – bu vaqtni unumli va samarali tarzda boshqarish, har bir daqiqadan maqsadli foydalanish va hayotiy maqsadlarga erishishda vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish tamoyilidir. Vaqt eng qimmatbaho resurs hisoblanadi, uni behuda sarflash insonning muvaffaqiyatlari va natijalariga salbiy ta’sir qiladi. Samarali vaqtni boshqarish esa insonning shaxsiy va professional rivojlanishiga yordam beradi.

Vaqtni behuda sarflamaslik oilaviy hayotda katta ahamiyatga ega. Oila a’zolari o‘z vaqtlarini rejalashtirib, bir-birlariga vaqt ajratishi oilaviy birdamlikni mustahkamlaydi. Ota-onalar farzandlariga vaqtdan samarali foydalanishni o‘rgatish orqali ularning kelajakdagi muvaffaqiyatlarini ta’minlashga yordam beradi. Farzandlar vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rganganlarida, ular har bir vazifani o‘z vaqtida bajara oladi va mas’uliyatli bo‘lishadi.
Oilada vaqtni samarali taqsimlash muhim rol o‘ynaydi, chunki har bir oila a’zosi uy ishlaridan tortib, dam olish va bir-birlari bilan vaqt o‘tkazishga qadar o‘z majburiyatlarini bajarishi lozim. Bu nafaqat oilaviy vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, balki oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni ham yaxshilaydi.
Vaqtni behuda sarflamaslik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida
Vaqtni samarali boshqarish va behuda sarflamaslik turli millatlar va madaniyatlarda alohida qadriyat hisoblanadi:
Germaniyada vaqtni rejalashtirish va intizom juda muhim qadriyatdir. Nemis oilalarida har bir ish aniq rejalashtiriladi va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash oila muhitida muhim rol o‘ynaydi.
Xitoyda vaqtni samarali boshqarish hayotning ajralmas qismi bo‘lib, ta’lim va ish faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Ota-onalar bolalarini vaqtni rejalashtirishga o‘rgatib, ularning kelajakdagi muvaffaqiyatiga hissa qo‘shadilar.
Fransuz oilalarida ham vaqtni rejalashtirish va uni to‘g‘ri taqsimlash muhimdir. Farzandlarga vaqtning qadriga yetish va vaqtni isrof qilmaslik yoshligidan o‘rgatiladi.
Yaponiya madaniyatida vaqtning qadriga yetish va uni samarali boshqarish hayot tarzi va kasbiy madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Ota-onalar farzandlariga erta bolalik davridanoq vaqtdan samarali foydalanishni mehnatsevarlik va intizom orqali o‘rgatadilar.
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
Ota-onalar farzandlarining har bir kunini rejalashtirib, ularning o‘z vaqtini boshqarishni o‘rganishlariga yordam berishlari kerak. Oila a’zolariga uy vazifalari va dam olishni muvofiqlashtirishda vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatish lozim;
Ota-onalar har bir kun uchun farzandlari bilan birga “vaqtni tejash tanlovi”ni o‘tkazish mumkin. Masalan, bir kunlik vazifalarni eng qisqa vaqt ichida bajara oladiganlarni aniqlash va ularni mukofotlash. Bu orqali bolalarda vaqtni rejalashtirish va ularni boshqarish qobiliyati rivojlanadi;
Tashkilotlar va ta’lim muassasalarida o‘quvchilar va xodimlar uchun vaqtni boshqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar (mobil ilovalar, smart-plannerlar) haqida seminarlar tashkil etish. Bu orqali har bir kishi o‘ziga mos va samarali vaqt rejalashtirish usulini topishi mumkin.
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
“Barvaqt qilingan harakat,
Hosilga berar barakat.”
“Vaqt ketdi — baxt ketdi,
Toji sari taxt ketdi.”
“Vaqtdan yutding — baxtdan yutding.”
“O‘tgan kun topilmas,
Kelar kun sotilmas.”
“Dehqon bo‘lsang, kuz hayda,
Kuz haydamasang, yuz hayda.” (O‘zbek xalq maqollari)
“Har mevaning o‘z vaqti bor.”
“Vaqtni qaytarib bo‘lmaydi.” (Yapon xalq maqollari)
“Vaqt ayiradi, tuzatadi, shoshiladi.”
“Tartibni sev, vaqt va kuchingni avayla.” (Nemis xalq maqoli)
“Hayotni sevasanmi? Sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot degan mato yaraladi.” (B.Franklin)
“Odam tabiatan qiziq yaratilgan — boyligini yo‘qotsa xafa bo‘ladiyu umri zoye ketayotganiga esa parvo qilmaydi.” (Abul Faroj)
“Agar yaxshi tasarruf qilinsa, hamisha yetarlicha vaqt topish mumkin.” (I.Gyote)
“Bu kungi yumushni ertaga qo‘ymoq margub emas,
Tongla ne hol ro‘y berurin kajraftor aytib bermas.” (Firdavsiy)

Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
Falsafa. Qomusiy lug’at. – Toshkent: “O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, 2004. – 496 bet.
Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2010. – 760 bet.
Stephen R. Covey, A. Roger Merrill and Rebecca R. Merrill. First Things First. Free Press, 1996. https://www.simonandschuster.com/books/First-Things-First/Stephen-R-Covey/9780684802039
Mancini M., Mancini M. Time management. – New York : McGraw-Hill, 2003. – Т. 1.
Badiiy kitoblar:
Ernest Heminguey. Chol va dengiz. Toshkent: O‘zbekiston, 2011. – 140 b.
Viktor E. Frankl and others. Man’s Search for Meaning. Beacon Press, 2006. – pp. 165. https://www.goodreads.com/book/show/4069.Man_s_Search_for_Meaning
Maqolalar:
Claessens B. J. C. et al. A review of the time management literature //Personnel review. – 2007. – Т. 36. – №. 2. – С. 255-276.
Macan T. H. Time management: Test of a process model //Journal of applied psychology. – 1994. – Т. 79. – №. 3. – С. 381.
Videolar:
https://www.youtube.com/watch?v=iDbdXTMnOmE