Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik – tarbiyaviy jarayonlar kechadigan ijtimoiy-ma’naviy, axloqiy uyg’unlik muhitini ifodalaydi. Inson qalbi va ongidagi eng sof, pokiza tuyg‘ular, ilk hayotiy tushunchalar va tasavvurlar orqali, eng avvalo oila bag‘rida shakllanadi. Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik – haqiqiy ma’naviyatli oilalar o‘chog‘ida, mafkuraviy tarbiya omili va muhitida rivojlanadi.

Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik maslalasi bir-birini yaxshi tushungan, tinglay olgan maqsadlari mushtarak bo‘lgan oilalarda yaxshi rivojlanadi. Sharq oilalari tarixiga nazar tashlasak, xalqimiz oilani hamma narsadan muqaddas bilgan. Oilada er yoki xotinning janjali, o‘zaro kelishmovchiliklari asosida ajrimlar umuman bo‘lmagan. Oila ajrimi inson hayoti uchun, jamiyat uchun o‘ta ayanchli voqea, dahshatli jinoyat hisoblangan. Yoshlarning turli jinoyatlarni sodir etishi esa ota-ona, oila, mahalla, qarindosh-urug‘lar sha’ni uchun katta isnod hisoblangan. Shuning uchun bir bolaning tarbiyasiga nafaqat ota-ona mas’ul, balki butun bir jamoatchilik mas’ul bo‘lgan. Ushbu jarayon turmush quradigan yigit va qizning bir-biriga har tomonlama munosibligidan boshlanadi.
Ba’zan iqtisodiy manfaatni, mansab va lavozim manfaatini o‘ylagan ota-ona, yigit yoki qiz tavakkalchilik tamoyiliga amal qiladi. Bunday maqsadni ko‘zlagan ota-onalar odatda sovchilikka boy-badavlat, mansabdor qarindoshi, tanishlari, qo‘shnilari yoki o‘rtoqlarini oilasi imijni oshirish uchun olib boradilar. Bunday sovchilarning faoliyati qizning xonadoniga bir marta borish bilan yakun topadi. Bunday holatda yoshlarning keyingi hayoti o‘zlariga havola etiladi. Shunday tashkil etilgan oilalarda munosabatlar uyg’unligi masalasi keying o‘rinlarga tushib, manfaatlar masalari asosiy o‘rinni egallaydi.
Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida quyidagi tarzda belgilab qo‘yilgan:
“Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.”
Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida
Yaponiyada oilaviy munosabatlar uyg‘unligida yoshi kattalarga chuqur hurmat hissi asosida qurilgan. Ota-onani, yoshi ulug‘ qarindoshlarni hurmat qilish va e’zozlash shunchaki odat emas, balki ma’naviy burch sifatida ko‘riladi. Bolalar yoshligidanoq kattalarni hurmat qilishga, ularning yo‘l-yo‘riqlarini tinglashga, uyda yordam berishga o‘rgatiladi. Oilada tinchlikni saqlash va nizolarning oldini olish muhim hisoblanadi, chunki yapon madaniyatida oila ehtiyojlari har doim shaxsiy istaklardan ustun turadi.
Meksikada oila – hayotning eng muhim jihatidir. Shu nuqtayi nazardan, oilaviy munosabatlar odatda juda qalin. Biror kishining oilasi shaxsga katta ta’sir ko‘rsatishga moyil bo‘lib, o‘ziga xoslik, jamiyat va qo‘llab-quvvatlash hissini ta’minlaydi.
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
Oilada oilaviy munosabatlar uyg‘unligini yoshlarning shaxslararo munosabatlar psixologiyasi ota-ona bo‘lishga tayyorgarlik darajasi, qobiliyati, oilaviy hayot yukini matonat bilan ko‘tara olish layoqati va boshqa jihatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishlarini o‘rgatish;
Ta’lim muassasalarida oilaviy munosabatlar uyg‘unligi mavzusida maxsus darslar yoki tadbirlar o‘tkazish, bu orqali yosh avlodni mazkur qadriyatning ahamiyati haqida tushuntirish;
Oilaviy munosabatlar uyg‘unligi va qadriyatlarini mustahkamlash uchun jamoatchilik tashkilotlari va ijtimoiy loyihalar orqali ijtimoiy yordam dasturlarini rivojlantirish;
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir. (Qur’oni Karim, Rum surasi, 21 oyat)
Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, halol-haromning farqi qolmasa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, oxir-oqibat u chuqur tanazzulga yuz tutadi. (Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq “Baxtiyor oila”)
Ahil oila — baxtli,
Noahil oila — vaqtli. (O‘zbek xalq maqoli)
Oilada hamjihatlik bo‘lmasa, uni baxt tashlab ketar. (Qirg‘iz xalq maqoli)
Ahil bo‘lmagan oilada yaxshilik bo‘lmaydi. (Chechen-ingush maqoli maqoli)

Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
“Family culture in mexico and the well‐being of the Population” by Dr. Fernando Pliego Carrasco, Maite Lot (Meksikadagi oilaviy madaniyat haqida).
Maqolalar:
Meksikaliklar madaniyati. https://culturalatlas.sbs.com.au/mexican-culture/mexican-culture-family
Milliy qadriyatlar. https://www.advantour.com/japan/traditions/family-traditions.htm
Videolar: