Mehnatsevarlik — insonning ma’lum bir maqsadga muvofiq ijtimoiy foydali faoliyatini sidqidildan va xolisona bajarishini ifodalovchi ma’naviy qadriyat. Mehnatsevarlik kishilik jamiyati hayotining asosiy sharti, chunki u tufayli insoniyatning yashashi uchun zarur boʻlgan moddiy va maʼnaviy neʼmatlar yaratiladi.

Mehnatsevarlik o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan xayrli fazilatlardandir. Kattalarimiz uqtirishlaricha, mehnat – shodlik, rohat va baxt poydevori. O‘zbekning mehnatsevarligi faqat tirikchilik uchun emas, u mehnatdan jismoniy zavq oladi, ruhiy zavq oladi, estetik zavq oladi.
Insonning faoliyati tufayli mehnat predmetlari mahsulotga aylanadi. Mehnat odamni hayvondan farqlantiradigan eng muhim belgidir. Mehnat tufayli inson tabiatdagi narsalarni oʻzgartiribgina qolmaydi, balki oʻzi ham kamol topadi, uning aqliy va jismoniy qobiliyatlari oʻsadi. Mehnat jarayonida inson tabiat kuchlarini oʻz maqsadiga boʻysundiradi.
Mehnat natijalaridan bahramand bo‘lish imkoniyati mehnatsevarlikning kengroq va chuqurroq yoyilishiga xizmat qiladi. Mehnat natijalaridan bahramand bo‘lish imkoniyati pasayib ketsa, mehnatsevarlik miqyosi va darajasi ham kamayadi. Mehnatsevarlikning qay darajada yoyilishi, uning ijtimoiy qadriyatga aylanishi ko‘p jihatdan mehnatning xususiyatlariga bog‘liq.
Mehnatsevarlikning jamiyatda yoyilish miqyosi ijtimoiy taraqqiyotga bevosita ta’sir o‘tkazadi, boqimandalikning avj olishi esa mamlakatni inqirozga olib keladi. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida dehqonchilikni tavsiflar ekan, mehnatning ijtimoiy hayotdagi rolini shunday ta’riflaydi: “Olamning obodligi dehqonlardan, mehnat ahli shodonligi ulardan. Dehqon har qanday ekin ekishga qilsa harakat – elga ham oziq-ovqat yetkazur, ham barokat”. Mehnatsevarlik shaxs va jamiyat ma’naviyat tarkibidagi muhim sifatlardan biri hisoblanadi. Ma’naviyatning shakllanishi va rivoji ham ko‘p jihatdan mehnatsevarlikning mavjudligiga bog‘liq. Mehnatsevarlikning bir qator xususiyatlari faqat erkin, ijtimoiy mehnat jarayonida shakllanadi va namoyon bo‘ladi. Ular jumlasiga shijoat, g‘ayrat kabilarni kiritish mumkin. Mehnatsevarlik shunchaki ishda emas, shijoat va g‘ayrat bilan qilinayotgan mehnat jarayonida yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Bunday mehnat jamiyat a’zolarida mehnatsevarlikni shakllantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Mehnat qilish bilan bog’liq munosabat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida quyidagi tarzda belgilab qo‘yilgan:
“Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.”
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
Oilada mehnatsevarlik ota-onaga bog‘liq bo‘lib farzandalar ota-onaning xarakatlarini takrorlash asnosida o‘z mehnat faoliyatlarini shakllantiradilar. Shunday ekan oilada ota-ona farzand uchun shaxsiy na’muna bo‘lishi va mehnatsevarlikni o‘rgatishi kerak;
Ta’lim muassasalarida bolalarga mehnatsevarlikni o‘rgatish uchun mehnat fanlari o‘tilishi va oilaviy mehnat mavzusida maxsus darslar yoki tadbirlar o‘tkazish, bu orqali yosh avlodni mazkur qadriyatning ahamiyati haqida tushuntirish;
Oilaning yoshi katta bobo buvilarning rahnomoligida mahallalarda jamoatchilik tashkilotlari va ijtimoiy loyihalar hunarmandlik dasturlarini rivojlantirish;
Ota-onalar va keksalarnining yoshlarga mehnatsevarlikni o‘rgatishga bo‘lgan harakatlarni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish.
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Qur’oni Karim, Baqara surasi, 172-oyat)
“Dilba yoru – dastba kor” ya’ni diling Allohda, qo’ling mehnatda bo’lsin. (Bahouddin Naqshband)
Mehnat qilib topganing,
Qandu asal totganing. (O‘zbek xalq maqoli)
Mehnatsiz rohat bo‘lmas,
Savobsiz jannat . (O‘zbek xalq maqoli)
Mehnat qilsang, yasharsan,
Katta-katta osharsan. (O‘zbek xalq maqoli)
«Sizlarning yaxshilaringiz oxiratni deb dunyoni dunyoni deb oxiratni tark qilmaganlaringiz» (Hadislardan)

Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
“Filial Piety: The Core of Confucian Ethics” by Henry Rosemont Jr. va Roger T. Ames (Konfutsiy falsafasi haqida).
“The Art of Loving” by Erich Fromm (Oilaviy qadriyatlar va mehr-muhabbat haqida).
Badiiy kitoblar:
“Anna Karenina” by Lev Tolstoy (Rus oilaviy qadriyatlari va ota-onaga hurmat haqida).
Maqolalar:
“Understanding Filial Piety in Chinese Culture” (Xitoy madaniyatida ota-onaga hurmat haqida ilmiy maqola)
Milliy qadriyatlar haqida. 10.05.2023// https://imrs.uz/publications/articles-and-abstracts/Milliy_qadriyatlar_haqida
Videolar:
https://kiro-karelia.ru/institute/news/socialnyj-rolik-o-seme