Ma’naviy komillik – inson shaxsida aqliy zukkolik, axloqiy barkamollik, siyosiy teranlik, mehnatga halol munosabat, yuqori madaniyat, ma’naviy saviya, yuksak  iftixor, milliy va umuminsoniy g‘ururni shakllantiruvchi,  insoniy fazilatlarning uygʻunligini ifodalaydi.

Kishining ichki va tashqi dunyosi, sogʻlom fikr va oqilona soʻzi bilan amaliy faoliyati, tili bilan dili birday boʻlishi komillikning mezonlaridir. Ma’naviy komillik keng dunyo qarashni talab etganligi sababli uni shakllantirishda kitobxonlik ham alohida kasb etadi. Chunki kitobsevarlik aynan dunyo qarashni rivojlantiradigan omillardan hisoblanadi.

Azal-azaldan yurtimizda ma’naviy komil insonni voyaga yetkazish masalasiga katta e’tibor bilan qaralgan. Shuning natijasi o‘laroq tariximizda o‘zining ma’naviy fazilatlari, jismoniy imkoniyatlari bilan jahon ahlini hayratga solgan buyuk barkamol insonlar ko‘plab yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy ilmiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy meros xalqimizning bebaho mulkiga aylangan. Masalan, Abu Ali ibn Sino buyuk qomusiy olim sifatida tibbiyot, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, dorishunoslik, ruhshunoslik fiziologiya, filologiya, falsafa, axloq, estetika va jismoniy tarbiya kabi ko‘plab fanlarning yetuk bilimdoni bo‘lgan. Uning asarlari nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun Sharq hamda Gʻarb mamlakatlarida ham hurmat bilan tilga olingan va mutolaa qilingan.

Yana bir buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy bir qit’asida “Kamol et kasbkim” deya da’vat qilganida komil inson uchun zarur bo‘lgan ko‘p xususiyatlarni egallashni nazarda tutgan. Alisher Navoiy komil insonni ahli ma’ni kishilar deb bilgan. Ahli ma’ni – fikrli odamlar, degan ma’noni anglatadi. Fikrsiz xaloyiqning ongida ma’ni chuqurligi bo‘lmaydi. Fikrlash haqiqatni anglashga intilishni ifodalaydi. Hamma ham chuqur va mantiqli fikrlash, mustaqil mushohada yuritish qobiliyatiga ega emas, shuning uchun barcha ham ma’naviy komil bo‘la olmaydi. Ma’naviy komil insonda, avvalo axloqiy ong rivojlanadi, odam va olam taqdiriga vijdon bilan qarash qobiliyati shakllanadi.

Ma’naviy komillik tushunchasi boshqa turli millatlarda ham keng uchraydi.  Buyuk yunon faylasufi Suqrotning “O‘z-o‘zingni angla”, degan da’vati ham insonning nasl-nasabini, hayot mazmunini, kishining kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat va majburiyatini anglashga qaratilgan chaqiriqdir. Komil insonning mohiyati, avvalo, jamiyatni barkamol qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Insondagi komillik, eng avvalo uning fikr, tafakkur va amaliy faoliyat erkinligini anglashidadir. Shu ma’noda, eronlik bo’lgan Jaloliddin Rumiyning Masnaviy Manaviy asarini ham yodga olib ketsak foydadan xoli emas. Bu asar insonni ma’naviy komillikka yetkazishda Qur’oni Karim oyatlari va hadisi shariflarni manolarini o’ziga xos sheriy tarzda sharhlangan bo’lib, insonni teran fikrlashga, hayot haqiqatlarini anglashga chorlaydi. Allomaning “Fihi ma fihi” (Ichindagi ichindadur) asari esa insonni avvalo o’zini anglashi, shu ila haqga yetishishi haqida ko’rsatmalar bilan manaviy komillikka undaydi.  Inson o‘zini hirs, ta’ma, nafs, g‘aflat, nodonlik, yovuzlik kabi illatlardan poklamasa, u hech qachon komil inson bo‘la olmasligini takidlaydi.

Ma’naviy komillikning yana bir jihati vatanga, millatga, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilish hamdir. Vatanni sevmagan, millati tarixi va taqdiriga loqayd qaraydigan insonni komil deb bo’lmaydi. Ma’naviy komil inson jamiyatda, jamoada, oilada o‘z o‘rnini topgan, uning rivojida faol ishtirok etadigan, ijtimoiy siyosiy qonuniyatlarni yaxshi bilgan, milliy o‘zlikni anglagan, o‘zbekona qadriyatlar, urf-odatlarni e’zozlaydigan bo‘lishi kerak.

Ma’naviy komillikka taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:

Daraxt qanchalik yuksak bo‘lsa-da, baribir yaproqlari yerga to‘kiladi. (Xitoy maqoli)

Yigit urushda, do‘st dardda, komil inson g‘azabi kelganda ma’lum bo‘ladi. (Arab maqoli)

Insonni tashi bilan kutib olinadi, ichi bilan kuzatiladi. (Mo‘g‘ul maqoli)

Tavsiya etilgan adabiyotlar:

Falsafa qomusiy lug’at, “O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent 2004, 760 b.

N. Komilov. “Tasavvuf “ T.: “Yozuvchi” 1996 –y

J. Rumiy. “Ichindagi ichindadur”. T.: Yangi asr avlodi. 2016-y. 272 b.

I. Karimov. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” T.: Ma’naviyat. 2008-y. 176 b.