Kamtarlik – insonning ma’naviy qiyofasiga xos xislat, maqtanishni istamaydigan, yutuqlaridan mag‘rurlanib ketmaydigan kishining xususiyati, shaxsning o‘ziga va atrofdagilarga samimiy munosabatini ifoda etadigan axloqiy sifat. U manmanlikning ziddi bo‘lib, kishining alohida yuksak sifatlarga, moddiy yoki ma’naviy boylikka ega ekanini ko‘z-ko‘z qilmasligida namoyon bo‘ladi.

Kamtarlik shaxsning ma’naviy olamida sabr-toqat bilan yonma-yon turadi. Sabr-toqatsiz odam kamtar bo‘la olmaydi. Kamtar odam o‘zgalardan kamchilik axtarmaydi, balki o‘zining xatolariga tanqidiy yondashadi. Kamtar inson shuhrat topish uchun emas, odamlar, oila, jamiyat, xalq va Vatan oldidagi insoniy burchini bajarish uchun harakat qiladi. El-yurt uchun, xalq uchun beminnat xizmat qiladigan insonlarni xalq qadrlaydi.
“Kamtarga – kamol, manmanga – zavol” degan maqol bejiz aytilmagan. Xalqimiz va jahon tarixida kamtarlikning buyuk timsoliga aylangan shaxslar ko‘p bo‘lgan. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Muso Xorazmiy, Alisher Navoiy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Ali Qushchi, Boborahim Mashrab singari aziz-avliyo va allomalarimiz shular jumlasidandir.
Hazrat Alisher Navoiy zikr etganlaridek: “Odam bo‘lgan zebi zohirdin demas, Kimki andin faxr etar, odam emas”. Kamtarlik zohiriy va botiniy bo‘lib, ularni farqlash zarur. Kamtarlikga bir necha ma’naviy-axloqiy sifatlar asos bo‘ladi. Ma’naviyatsiz, kibrga berilgan odamlar kamtar bo‘la olmaydi. Ma’naviyati boyigan sari odam kamtarlashib boraveradi. Shuning uchun xalqimizda “Boshoq to‘lgan sari yerga egiladi”, deb naql qiladi. Kamtarlik ta’lim-tarbiya, badiiy adabiyot va san’at ta’sirida shakllanishi ham mumkin. Kamtar odam andishali ham bo‘ladi. Biroq bu holat kamtarlik bilan andishalilik aynan bir narsa, degan fikrni tug‘dirmasligi kerak.
Oilaviy munosabatlarda kamtarlik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida
Xitoyda bola tarbiyasida qattiylik bilan turadilar. 3 yoshdan boshlab Xitoyda bolalarni tarbiyasidagi asosiy jihatlar sifatida kamtarlik va itoatkorlikni shakllantirishga e’tibor qaratiladi.
Angliyada oilalar farzandlari tarbiyasida hissiyotlarni jilovlash uchun doim harakatda bo‘lishadi. Ular kamtarlikni alohida san’at sifatida o‘rganishadi. Angliyada 2-3 yoshdan boshlab, bola yuqori darajadagi odob hamda hissiyotlarni jilovlay bilish san’atini o‘rganish maqsadida maxsus muallimlar bilan dars o‘tadilar. Bu bolalar bog‘chalari qoshidagi maxsus kurslar bo‘lishi mumkin.
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
Oilada kamtarlikni shakllantirish masalasi oila a’zolarinning shaxsiy namunalari asosida bo‘ladi. Oilalarda ota-onalar, bobo-buvilar o‘sib kelayotgan avlod uchun haqiqiy namuna bo‘lishlari uchun, avallo o‘zlari kamtarlikka ega bo‘lishlari va bu haqida ma’lumotga ega bo‘lishlarini o‘rgatish;
Ta’lim muassasalarida kamtarlikka oid “Kamtarlik – jasorat toji”, “Kamtarlik odamga husn beradi”, “Kamtarga kamol, manmanga – zavol”, “Kamtarlik koʻkka koʻtarar, manmanlik yerga kiritar”, “Kamtar boʻlsang obroʻ ortar, manman boʻlsang ensa qotar”, “Oʻzing osmonda boʻlsang ham, oyogʻing yerda boʻlsin”, “Boshing osmonga yetsa ham, yerga qarab yur” mavzularida maxsus darslar yoki tadbirlar o‘tkazish, bu orqali yosh avlodni mazkur qadriyatning ahamiyati haqida tushuntirish.
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
Alloh taolo inson zotini azizu mukarram qilib yaratib, unga ko‘p fazilatlar ato etdi. Ana shunday fazilatlardan biri kamtarlikdir. Dinimiz ta’limoti mo‘min-musulmonlarni ushbu sifatga ega bo‘lishga targ‘ib qiladi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan” (Qur’oni Karim, Isro surasi, 37 oyat).
“Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin.”
“Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning martabasini baland qilib qo‘yadi.” (Hadislar, Muslim rivoyati).
Garchi shuncha mag`rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo`l, hatto bir qadam
O`tma g`urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun,
O`par doim peshonasidan. (Erkin Vohidov).
Bilmaganni bildim dema,
Qilmaganni qildim dema. (O‘zbek xalq maqoli)
Yo’q narsa bor bo’lar, kamtar bo’lsang,
Bor narsa yo’q bo’lar, manman bo’lsang. (O‘zbek xalq maqoli)
Kekkayganga kekkaygin,
Boshing ko’kka yetguncha.
Egilganga egilgin,
Boshing yerga tekkuncha. (O‘zbek xalq maqoli)

Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
“Kamtarlik va kibr” Odilxon o‘g‘li Yunusxo‘ja (Oilada kamtarlik fazilatlari va kibrning yomon oqibatlari haqida).
Badiiy kitoblar:
“Смирение” Эндрю Мюррей.
Maqolalar:
The Importance of Humility (Kamtarlikning ahamiyati). https://www.gloveworx.com/blog/importance-humility/
Videolar: