Insonparvarlik (gumanizm) – insonning yuksak ijtimoiy maqomini belgilab, bu boradagi diniy va dunyoviy, g‘oyaviy-mafkuraviy, milliy va umumbashariy qarashlar, mezonlar, tuyg‘u va tushunchalar, qadriyatlar va an’analar tizimi, faoliyat darajasini asoslab beradigan ta’limotlar, umuman insoniylikka asoslangan faoliyat va xatti-harakatni anglatadigan tushuncha. Insonparvarlik– bu insonni eng oliy qadriyat sifatida tan oladigan, uning huquq va erkinliklariga hurmat bilan yondashadigan, insoniylik, adolat, mehr-muhabbat, tenglik va hurmatni targ‘ib qiladigan axloqiy, falsafiy va madaniy tushuncha.

Insonparvarlik oilada o‘zaro hurmat va mehr-muhabbatni targ‘ib qiladi. Oilaviy a’zolar bir-birini inson sifatida hurmat qilib, ularning fikrlarini va his-tuyg‘ularini qabul qilishadi. Bu munosabatlar oilaning barqarorligi va tinchligini ta’minlaydi, shuningdek, o‘zaro tushunish va hamkorlik muhitini yaratadi.

Insonparvarlik ota-onalarning farzandlariga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lishini ta’minlaydi. U tufayli ota-onalar farzandlariga nisbatan sabr-toqatli, mehribon va g‘amxo‘r bo‘lib, ularning tarbiyasiga jiddiy e’tibor beradilar. Insonparvarlik farzandlarning erkin fikrlashi va qobiliyatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Insonparvarlik (gumanizm) oilaning farovonligi va mustahkamligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Insonparvarlik tarkibidagi mehribonlik, hurmat, adolat, tenglik va ochiq muloqot tamoyillari oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi. Inson huquqlarini hurmat qilish va farzandlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish orqali insonparvarlik oila muhitida hamjihatlik va farovonlikka erishishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.” deb belgilab berilgan. Bu esa insonparvarlikni mamlakatimizdagi eng oliy qadriyat ekanligini ko‘rsatib turadi.

Insonparvarlik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida

Insonparvarlik barcha madaniyatlar, barcha millatlarda ham eng oliy, muhim, asosiy qadriyatlardan biri bo‘lib, kelgan. Xususan, Yevropada insonparvarlik qadriyatlari asosan Uyg‘onish davrida (XV-XVIII asrlarda) shakllangan bo‘lib, bu davrda insonning o‘zi va qobiliyatlari diqqat markazida bo‘lgan. Gumanizm Yevropa madaniyatida insonning erkin fikrlashini va o‘z imkoniyatlarini rivojlantirishni asosiy qadriyat sifatida ilgari surgan.

AQShda ham inson huquqlari va tenglik tamoyillari insonparvarlik asosida shakllangan. Bu qadriyatlar insonning mustaqilligi va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy tizimlar va siyosiy qarorlar orqali rivojlantirilgan.

Sharq mamlakatlarida ham insonparvarlik har doim e’tibor markazida bo‘lgan. Masalan, Konfutsiy ta’limoti yoki Hind falsafasida inson o‘z burchini ado etishi, jamiyatda axloqiy qoidalarga amal qilishi, inson har doim hurmat qilinishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Islom dinidada esa inson huquqlari va adolat qadriyatlariga alohida e’tibor berilgan.

 

Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:

Ta’lim muassasalarida inson huquqlari, adolat va tenglik mavzularida maxsus darslar va loyihalar tashkil qilish;

Insonparvarlik qadriyatlarini keng targ‘ib qilish uchun gumanistik va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish. Masalan, inson huquqlari bo‘yicha seminarlar va treninglar o‘tkazish;

Ota-onalarning bolalari bilan birga ko‘proq va sifatli vaqt o‘tkazishini ta’minlash. Bu o‘yinlar, kitob o‘qish, qo‘shma ijodiy faoliyat (rasm chizish, san’at) kabi faoliyatlar orqali amalga oshirilishi mumkin;

Oilada farzandlarning ta’lim va shaxsiy rivojlanishiga doimiy e’tibor qaratish. Ularning yangi bilim olishiga, qobiliyatlarini rivojlantirishiga ko‘maklashish.

 

Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:

“Bir uy to‘la jonsan,

Bir-biringga mehmonsan.” (O‘zbek xalq maqoli)

“Hammaning tengligi, hammaning erkinligi.” (Fransuz maqoli)

“Inson — o‘z baxtining me’mori.” (Nemis maqoli)

“Dunyoda hech kimga keraksiz inson yo‘q; yerda ildizi bo‘lmagan o‘simlik yo‘q.”

“Ming — yuqori, o‘n ming — undan ham yuqori, inson qalbi — hammasidan yuqori.” (Xitoy maqollari)

“Insonni qidiryapman” (Diogen)

“Inson qanchalar ajoyib? Agar u chinakam inson bo‘lsa.” (Menandr)


Tavsiya etilgan manbalar

Kitoblar:

Falsafa. Qomusiy lug’at. – Toshkent: “O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, 2004. – 496 bet.

Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2010. – 760 bet.

Davies T. Humanism. – Routledge, 2008.

Law, Stephen. Humanism: a very short introduction. Oxford: Oxford University Press, 2011. https://archive.org/details/humanismveryshor0000laws

Perry, Ralph Barton. The humanity of man. New York: G. Braziller. 1956. https://archive.org/details/trent_0116302105071/mode/2up

Badiiy kitoblar:

Shekspir, Vilyam. Qirol Lir: dramalar / Ingliz tilidan Farrux Atayev tarjimasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2012. – 84-b. https://kutubxonachi.uz/documents/asar/adabiyot/uzbek/pdf/uilyam-shekspir/qirol-lir/#gsc.tab=0

Maqolalar:

Derkx P. The future of humanism //The Wiley Blackwell handbook of humanism. – 2015. – С. 426-439.

Kristeller P. O. Humanism //Minerva. – 1978. – С. 586-595.

Norman R. On humanism. – Routledge, 2013.

Kamoldinovich N. M. et al. Vatanparvarlik, insonparvarlik va o’z millatiga sadoqat //O’zbekistonda fanlararo innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar jurnali. – 2023. – Т. 2. – №. 16. – С. 544-548.

Videolar:

https://www.youtube.com/watch?v=OTAzIYHyn4I

https://www.youtube.com/watch?v=ID2nyp0oD_4

https://www.youtube.com/watch?v=Rl9AHJ1O8b4