Inklyuzivlik — bu har bir inson, qandaydir farqlarga qaramay, jamiyatning to‘liq a’zosi sifatida qabul qilinishi va hurmat qilinishi hamda barchaga o’ziga xosliklaridan qat’iy nazar bir xil imkoniyatlar yaratilganligini anglatuvchi  tushuncha. Inklyuzivlik har bir insonning teng huquqliligini ta’minlashni maqsad qilib qo‘yadi.

Bu jamiyatdagi barcha a’zolar, ular kim bo‘lishidan qat’iy nazar, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini anglatadi. Inklyuzivlik har bir insonning shaxsiy qadr-qimmatini tan olish va hurmat qilishni talab qiladi. Bu boshqalarning o‘ziga xosligini, shaxsiy tanlovlarini va turmush tarzini qadrlashni anglatadi. Inklyuzivlik har qanday kamsitish va cheklovlarga qarshi turadi. Bu har qanday jamiyat yoki tashkilotda barcha a’zolarning huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini cheklovlarsiz amalga oshirishini ta’minlashni anglatadi. Inklyuzivlik barcha guruhlar va shaxslarning jamiyatda yoki tashkilotda ishtirokini qamrab olishni ta’minlaydi. Bu ularning ehtiyojlarini, fikrlarini va g‘oyalarini inobatga olishni, ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qilishni anglatadi. Inklyuzivlik imkoniyatlarni teng taqsimlashni o‘z ichiga oladi. Bu har bir insonning ta’lim, ish, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutadi. Oilada inklyuzivlik har bir oila a’zosi va jamoaning barcha a’zolarini, ularning qobiliyatlari, qiyinchiliklari yoki madaniy farqlaridan qat’i nazar, qabul qilish va hurmat qilishni anglatadi.

Inklyuzivlik ijtimoiy adolatni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu har bir insonning huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish, ularning jamiyatda to‘liq ishtirokini ta’minlash orqali ijtimoiy tenglikni oshiradi.  Inklyuzivlik ijtimoiy birlik va birdamlikni mustahkamlaydi. Bu turli guruhlar o‘rtasida hamkorlikni, tushunishni va o‘zaro hurmatni oshirishga yordam beradi. Inklyuzivlik orqali turli xil fikrlar, tajribalar va g‘oyalar jamiyat yoki tashkilotga jalb qilinadi, bu esa innovatsiyalar va rivojlanishni rag‘batlantiradi. Turli xil qarashlar va tajribalar orqali yangi va samarali yechimlar topish imkoniyati oshadi. Inklyuzivlik shaxsiy va jamiyat rivojlanishini ta’minlaydi. Har bir insonning o‘z salohiyatini to‘liq amalga oshirishiga yordam berish orqali jamiyatning umumiy rivojlanishiga hissa qo‘shiladi. Inklyuzivlik oila uchun muhim, chunki bu qadriyat oilada o‘zaro hurmat, qabul qilish va birdamlikni mustahkamlaydi. Inklyuzivlik orqali har bir oila a’zosi o‘zini qadrli va e’tiborga loyiq his qiladi, bu esa o‘z navbatida oila ichida barqarorlik va mehr-muhabbatni kuchaytiradi. Farzandlarga inklyuzivlik qadriyatini singdirish ularni turli xil insonlarga nisbatan bag‘rikeng va qabul qiluvchi shaxslar sifatida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.

 Mazkur qadriyatning turli madaniyat va davlatlardagi ahamiyati

Kanadada inklyuzivlik qadriyati jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, davlatning turli madaniyatlar va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va tenglikni saqlash siyosatida ifodalanadi.

Avstraliyada inklyuzivlik maktab va ish joylarida faol ravishda qo‘llaniladi, bu esa jamiyatda barcha insonlar uchun teng imkoniyatlarni yaratishda muhim rol o‘ynaydi.

Norvegiyada esa inklyuzivlik jamiyatning tenglik va adolat tamoyillariga asoslanib, barcha fuqarolarning huquqlarini hurmat qilish va himoya qilishda ifodalanadi.

 Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:

Farzandlaringizga har bir insonning o‘ziga xosligini qabul qilish va hurmat qilishni o‘rgating.

Oilada turli madaniyatlar, urf-odatlar va nuqtayi nazarlar bilan tanishish orqali inklyuzivlik muhitini yarating.

Oilaviy faoliyatlarga turli xil insonlarni jalb qilish va ularni qamrovchan munosabatlarda ishtirok etishga undang.

 Qadriyatga yo‘naltirilgan maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:

«Hammaning o‘ziga yarasha yeri bor»

«Tenglik va hurmat barcha uchun»

«Odam odamdan kam emas»

«Ayol yerdan chiqqan emas, erkak bolasi, erkak ko`kdan tushgan emas ayol bolasi »

«Beshikdagiga tegma betingni yular »

«Zamoni birning amali bir»

«It bolasi itga yaxshi , qush bolasi qushga yaxshi »

«Oy bilan kunday bo`l, hammaga birday bo`l »

Tavsiya etilgan manbalar:

Kitoblar:

Hickey, S. (2013). Thinking about the politics of inclusive development: Towards arelational approach. ESID Working Paper, No. 1/2013. Manchester, UK: Universityof Manchester Effective States and Inclusive Development Research Centre. – 2013.

Acemoglu, D., & Robinson, J. A. (2012). Why nations fail: The origins of power,prosperity and poverty. New York, NY: Crown Publisher

Economics.Arts, K. (2017). Inclusive sustainable development: A human rights perspective. CurrentOpinion in Environmental Sustainability, 24, 58–62

Maqolalar:

Meyliyeva Z. M. INKLYUZIV–JAMIYAT SARI //Educational Research in Universal Sciences. – 2023. – Т. 2. – №. 7. – С. 63-67.

Uditsky B. From integration to inclusion: The Canadian experience //Is there a desk with my name on it?. – Routledge, 2003. – С. 79-92.

Tarrou A. L. H., Holmesland I. S. Building equality and social justice through education: A Norwegian experience //European Education. – 2002. – Т. 34. – №. 2. – С. 13-25.