Halollik — bu (arab tilida ruxsat etilgan, yo`l qo’yilgan; qonuniy, asosli; toʻgʻrilik, vijdonlilik) — shariat hukmiga muvofiq yesa, ichsa, foydalansa boʻladigan; kishining oʻziga qarashli, oʻz mehnati bilan, peshona teri toʻkib topilgan; xiyonat, gʻirromlik kabilardan xoli, qingʻir yoʻlga bormaydigan, birovni aldamaydigan; toʻgʻri, sof pokiza boʻlishni talab qiladigan maʼnaviy-axloqiy meʼyorni anglatuvchi tushuncha.

Insonni maʼnaviy-axloqiy jihatdan bezaydigan ajoyib fazilatlardan biri – halol, pokiza yashashdir. Halollik birovlarning haqqiga zarracha bo`lsa-da, xiyonat qilmaslikdan iboratdir. Halol bilan xaromni farqlash, faqat oʻz mehnati evaziga tirikchilik qilish, xarom-xarishdan jirkanish, xaromxoʻrlikni eng katta gunoh va axloqsizlik deb bilish — Sharq faylasuflarining eng muhim gʻoyalaridan hisoblanadi. Halollik vijdon, adolat va burch kabi axloqiy tamoyillar bilan bogʻliq, insonning o`zgaga munosabati o`ziga munosabatidek sof, pokiza boʻlishini talab qiladigan axloqiy meʼyordir.

Dastavval halollik diniy tushuncha sifatida vujudga kelib, har bir musulmonning yemak-ichmagi, jinsiy va iqtisodiy xatti-harakatlarini belgilab beruvchi sharʼiy meʼyor sifatida amal qilgan. Keyinchalik halollik nisbatan tor sharʼiy qobiqdan chiqib, asta-sekin shaxs hayotidagi keng qamrovli axloqiy me`yorga aylandi, teran maʼnaviylik kasb etgani holda, kundalik hayotdagi insoniylikni belgilaydigan umuminsoniy fazilatga aylandi. Masalan, hozirgi kunda ixtisoslashgan mehnat taqsimotining takomillashuvi, ilm-fan taraqqiyotining yuksalishi natijasida biz kasbiy halollik, ilmiy halollik, iqtiqsodiy halollik va boshqalar haqida gapirishimiz mumkin.

Halollikning mavjudligi fidoyilik, rostgoʻylik bilan shartlanadi. Doimo halollik qilishi yoki halol yashashi uchun kishi albatta nimalardandir kechishi, kimlargadir qarshi borishi, faqat rost gapirishi, soʻz bilan ish birligiga erishishi kerak. Shu bois halol inson jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega, hurmatga sazovor boʻladi. Qaysi jamiyatda halol fuqarolar koʻpaysa, oʻsha yerda baxt va farovonlik hukm suradi. Hozirgi kunda davlatimiz milliy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklash uchun hukumatimiz odamlarni halol, insofli, adolatli boʻlishga chaqirishni oʻz ichki siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Hozirda halol rostgo`y insonlardan iborat boʻlgan fuqarolar jamiyatini qurish – faqat axloqiy muammo emas, balki kelajagi buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi ijtimoiy-siyosiy yangilanishdir. Halollik insonning ichki va tashqi dunyosining birligi, soʻzi bilan xatti-harakati toʻgʻri kelishini, atrofdagi insonlarga ochiqkoʻngil va samimiy munosabatini ifodalovchi maʼnaviy-axloqiy fazilatlardan hisoblanadi.

Halollik inson xarakterining mohiyatidan kelib chiqib, insonning oʻz vazifasini vijdonan va ongli ravishda bajarishida namoyon boʻladi. Chin maʼnodagi halollik – vaʼdaga vafo qilish, soʻz bilan ish birligi demakdir. So`zining ustidan chiqmagan odam beburd, belafz odam hisoblanadi. Halollik rostgoʻylik, to’gʻrilik, axloqiy poklik, samimiylik kabi insoniy fazilatlar majmuasidan iborat. Halollik – xaromning ziddi.

Halol amallarga quyidagi fazilatlar kiradi: mehnat bilan tirikchilik qilish, halol rizq topish, yaxshi niyat qilish, yaxshi soʻzlash, yaxshi amallar qilish, omonat va qarzlarni oʻz vaqtida qaytarish, yetimlarni kafillikka olish, vafodorlik, gunohni savob ishlar bilan yuvish, ehson va sadaqa qilish, muxtojlarga qarz berish, yordam koʻrsatish, mehr-muruvvatli, oqibatli boʻlish va hokazo. Halollik inson maʼnaviyatining eng ezgu fazilatlaridan biri boʻlib, jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Jamiyatda halol insonlar qancha koʻp boʻlsa, u shuncha taraqqiy etadi. Binobarin, halol odam vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadi, qingʻir yo`llar orqali boylik orttirishni oʻylamaydi, ishi, xalqi. vataniga sodiq boʻladi.

Halollik oila uchun muhim, chunki u oila a’zolari o‘rtasida ishonchni kuchaytiradi va o‘zaro munosabatlarni mustahkamlaydi. Halollikning oilaviy hayotda amaliyotga tatbiq etilishi, bolalarning kelajakda jamiyatda hurmat qozonishlari va o‘z qadr-qimmatlarini saqlashlari uchun zarurdir. Ushbu qadriyat oilaning mustahkamligi va barqarorligiga hissa qo‘shadi.

Mazkur qadriyatning turli madaniyat va davlatlardagi ahamiyati

Islom dunyosida, jumladan O‘zbekistonda, halollik muhim diniy va ma’naviy qadriyat bo‘lib, har bir musulmonning asosiy majburiyatlaridan biri hisoblanadi.

Yaponiya madaniyatida halollik «mehnatsevarlik» bilan bog‘lanib, insonlar o‘z mehnatlari va xizmatlarida halol bo‘lishga katta e’tibor qaratadilar.

AQShda esa halollik qadriyatining amaliyotda qo‘llanishi ko‘proq biznes va ijtimoiy munosabatlarda to‘g‘rilik va rostgo‘ylik shaklida namoyon bo‘ladi.

Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:

Bolalarga halollikning ahamiyatini yoshligidan tushuntiring va ularni rostgo‘y bo‘lishga rag‘batlantiring.

Oilada har qanday masalalarda halollikni birinchi o‘ringa qo‘ying va o‘zaro munosabatlarda ochiq-oydinlikni saqlang.

Halollik bo‘yicha oilaviy an’ana va qoidalarni ishlab chiqing va ularga qat’iy rioya qiling.

 Qadriyatga yo‘naltirilgan maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:

«Halolning boshi bir sochiqqa sig‘adi»

«Halollik eng yuksak boylikdir»

«Halol ishning hosili barakali bo‘ladi»

Tavsiya etilgan manbalar:

 Kitoblar:

Karimov, A. (2021). «Halollik va to‘g‘rilik». Toshkent: Ma’naviyat nashriyoti.

Maqolalar:

«Halollikning jamiyatdagi o‘rni» — «Ma’naviyat va qadriyatlar» jurnali

Kaasa A., Parts E. Honesty and trust: Integrating the values of individuals, organizations, and the society //(Dis) Honesty in Management. – Emerald Group Publishing Limited, 2013. – С. 37-58.

Akhter N. et al. The Role of Honesty in the Establishment of Peaceful Society (In the Light of Islamic Tradition) //Hazaraislamicus. – 2020. – Т. 9. – №. 02. – С. 01-10.

Videolar:

https://youtu.be/y9Z1fHbmt-E?si=sAmDZXJgskpVqf81