Kimdir haqida qaygʻurish, uning gʻamini yeyish bu gʻamxoʻrlikdir. Oilada gʻamxoʻrlik – oila a’zolarini doimo qoʻllab-quvvatlash, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish demakdir. Inson, bolaligi uning hayotining ajralmas qismi, katta marraning boshlangʻich nuqtasidir. Bolaga yoshligidan oilada va jamiyatda risoladagidek gʻamxoʻrlik qilinsa, bu albatta ertangi kunga qoʻyilgan mustahkam poydevor boʻladi.

Yosh avlodga gʻamxoʻrlik qilishda, ularning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida taʼlim va tarbiyaning oʻrni beqiyos. Donishmandlar bolani yosh niholga qiyoslashadi. Egri oʻsgan nihol qiyshiq daraxtga aylanganida uni toʻgʻrilash amri mahol ish. Bolaga ham yoshligidan oilada va jamiyatda risoladagidek tarbiya berilmasa, ulgʻaygach uni toʻgʻri yoʻlga solish qiyin boʻladi. Zero, “bola boshidan” degan hikmatli naql xalqimiz tomonidan bejizga aytilmagan. Shunday ekan, har bir xalq oʻz kelajagini oʻylab farzandlari tarbiyasida oʻziga xos tarbiya usullarini ishlab chiqqan.

Dunyoning barcha mamlakatlariga qarasak, bolalarga gʻamxoʻrlik davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki ular har bir mamlakatning ulkan boyligi, katta salohiyatga ega boʻlgan strategik resurslaridan biridir. Bolaga gʻamxoʻrlik va uni himoya qilish – bu nafaqat muruvvat, balki bola huquqlarining toʻlaqonli taʼminlash demakdir. Aytish joizki, ayrim davlatlarda bolalar haqida gʻamxoʻrlik faqatgina ular himoyaga muhtoj boʻlgandagina amalga oshiriladi.

Ush bu masala xalqaro hamjamiyat tomonidan umum eʼtirof etilgan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanib, 1989-yil 20-noyabrida BMTning Bosh assambleyasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani qabul qilgan. Oʻtgan davr mobaynida ushbu Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan muhim xalqaro huquqiy hujjatga aylandi. Hozirda ushbu Konvensiya dunyoning 191 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Bolaga mehr, eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda bolalar avlod davomchilari, kelajagimiz vorislari sifatida qadrlanadi. Davlatimiz tomonidan mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratilib, bolalar haq-xuquqini himoyalashga doir qator qonun va meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, katta islohotlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda bolalar va yoshlar faoliyatiga doir jami 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ularda bolalar va yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs sifatida tarbiyalashning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari yaratilgan.

Oilaviy munosabatlarda uyg‘unlik masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida quyidagi tarzda belgilab qo‘yilgan:

“Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi.”

G’amxo’rlik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida

Yaponiya – kun chiqar mamlakat aholisi farzandlarining tarbiyasiga oʻta jiddiy qarashadi. Bu erda har bir yoshga nisbatan ma’lum bir munosabatda boʻlinadi va ayri tarbiya usullari qoʻllaniladi. Mashhur yapon ruhshunosi Masara Ibukining fikriga koʻra, bolaga asosiy tarbiyani 3 yoshgacha berish lozim. Aynan 3 yoshga qadar farzandingizdagi yashirin iqtidorni yuzaga chiqarish mumkin. Yaponiyaliklar 5 yoshgacha boʻlgan kichkintoyga qiroldek muomala qilishadi. Ular istaganlaricha oʻynashlari, miyasiga kelgan ishni qilishlari mumkin. Hattoki bolalar bogʻchalarida bolakaylar flomaster bilan devorga toʻygunlaricha chizishlari uchun maxsus xonalar mavjud.

Italiyada bolalarning tarbiyasi bilan ota-onadan tashqari bobo va buvilari, xola, amma, togʻayu amakilari ham shugʻullanishadi. Kichkintoy katta oilada oʻsadi va odatda bogʻchaga bormaydi. Italiyada bolalarning barcha injiqliklarini koʻtarishadi, doimo sovgʻalar berishadi va deyarli jazolashmaydi. Ba’zida italiyalik ona bolasiga jahli chiqib baqirsa-da, ammo darhol uni oʻpib, quchoqlab, yupatishga tushadi.

Fransiyada bolalarni chaqaloqlik davridanoq bolalar bogʻchasiga berish odatiy holdir. Birinchidan, bu fransuz ayollariga ishlash imkoniyatini bersa, ikkinchidan, ular goʻdakligidanoq jamoaga moslashadi va mustaqil boʻlib oʻsadilar. 6 yoshidanoq fransuz bolakay oʻzi mustaqil maktabga boradi, doʻkondan narsa xarid qiladi, uyda yolgʻiz qoladi. Shunga qaramay, fransuzlar 30-35 yoshgacha ota-ona uyida yashashlari va oʻz oilasiga ega boʻlishga shoshilmasliklari mumkin.Onalar oʻz farzandlariga ovozlarini koʻtarib urishishsa-da, hech qachon urmaydilar. Jamiyat qator qonunlar orqali bola huquqlarini himoya qiladi. Ota-onalar va vasiy shaxslar birinchi galda bolalarning rivoji hamda sogʻligi uchun mas’uldirlar.

Shvetsiyada bolalarga shakllangan shaxs sifatida qarashadi. Ularning ham oʻz huquqlari va majburiyatlari bor. Shuningdek, shvedlardagi bagʻrikenglik, oʻzgaga, uning qarashlariga, madaniyati, dini, irqiga nisbatan hurmatda va sabrli boʻlish, agarda insonning biror-bir jismoniy yoki ruhiy kamchiligi boʻlsa, unga tengqur sifatida qarash bolalikdanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. 8-sinfdan boshlab oʻquvchilarga «Bolalar haqida» degan fan oʻtiladi.

Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:

Oilada bolaga mehr eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishni er-xotinga singdirish uchun ota-ona boʻlishidan oldin, balki oila qurishidan avval o‘rgatish;

Ta’lim muassasalarida barcha bolalarga dini, irqi va millatidan qatʼiy nazar teng shart-sharoitlar yaratish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish, bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun jamoatchilik tashkilotlari va ijtimoiy loyihalar orqali ijtimoiy yordam dasturlarini rivojlantirish;

Har qanday vaziyatda bolalarning fikrlarini hurmat qilish, ularga quloq solish va qaror qabul qilish jarayonida ularning ham soʻzlarini inobatga olish.

Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:

“Yosh bola taʼlim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turish-turmushi namunali bolalar boʻlishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib oʻrganadi va ular bilan doʻst boʻladi”. (Alisher Navoiy).

Odam tugʻilishidan yomon xulq bilan tugʻilmaydi. Uning yaxshi inson boʻlib yetishishida esa tarbiya oʻta muhim rol oʻynaydi. Zero, insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi. (Abdulla Avloniy)

Ahil oila — baxtli,

Noahil oila — vaqtli. (O‘zbek xalq maqoli)

Tavsiya etilgan manbalar

Kitoblar:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sog`lom bola. (bolalarga g‘amxorlik qilish haqida).

Badiiy kitoblar:

Masaru Ibuka. Uchdan keyin kech (Oilaviy munosabatlarda g‘amxo‘rlik haqida).

Maqolalar:

Gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yuksak namunasi. 30.03.2021// https://yuz.uz/uz/news/gamxorlik-va-etiborning-yuksak-namunasi

Bolalar tarbiyasi: turli mamlakatlarda u qanday amalga oshiriladi? 10.05.2019// https://muslimaat.uz/25740-2bolalar-tarbiyasi-turli-mamlakatlarda-u-qanday-amalga-oshiriladi/

Videolar:

https://www.youtube.com/watch?v=PP_6c4tfC2I

https://www.youtube.com/watch?v=9FpkHjJTrZY