Farzandlik burchi – bu har bir farzandning ota-onasi va oila oldidagi majburiyatlari, axloqiy va ma’naviy mas’uliyatini anglashini ifodalaydi. Farzandning ota-onasiga hurmat va mehr-muhabbat ko‘rsatishi, ularning mehnatini qadrlashi, tarbiyasi va oila oldidagi majburiyatlarini bajarishi farzandlik burchi deb ataladi. Bu burch jamiyatning axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, har bir farzandning tarbiyasi va shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.

Farzandlik burchi jamiyat va oilaning barqarorligi, ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi va yosh avlodning to‘g‘ri shakllanishi uchun asosiy tamoyillardan biridir. Farzandlar ota-onalarining mehnatini qadrlab, ularning qadr-qimmatini hurmat qilishi orqali jamiyatda yaxshi insoniy munosabatlarni shakllantiradi.
Oila va ota-onaga hurmat – bu farzandlik burchining asosi bo‘lib, har bir insonning ma’naviy shakllanishida katta ahamiyatga ega. Ota-onaning haqqini ado etish, ularga g‘amxo‘rlik qilish va ularga bo‘lgan hurmat, kelajakda jamiyat uchun mas’uliyatli shaxslar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida “Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” deb belgilab berilgan. Bu esa farzandlik burchini mamlakatimizdagi asosiy ijtimoiy mas’uliyat, axloqiy burch shakllaridan biri ekanligini ko‘rsatib turadi.
Farzandlik burchi boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida
Xitoyda farzandlik burchi Konfutsiy ta’limoti asosida shakllantirilgan. Konfutsiylikning asosi “xiao” deb atalib, u ota-onaga sadoqat va ularga to‘liq hurmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Farzandlarning ota-onalariga hayot davomida ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatishi muhim hisoblanadi. Xitoyda farzandlik burchi nafaqat ota-onaga nisbatan, balki butun jamiyatga, davlatga nisbatan ham sadoqat bilan xizmat qilishni anglatadi.
Hind madaniyatida farzandlik burchi “Seva” tushunchasi bilan bog‘liq. Ota-onaga xizmat qilish va ularga nisbatan hurmat ko‘rsatish Hindistonning din va an’analari bilan chambarchas bog‘langan. Hindlarning o‘ziga xos ma’naviy e’tiqodlari farzandlarni ota-onasini muqaddas bilib, ehtirom ko‘rsatishga undaydi.
Koreya madaniyatida farzandlik burchi “Hyo” tushunchasi bilan ifodalanadi. Bu burch ota-onaga va keksalarga bo‘lgan hurmatni anglatadi. Hyo nafaqat o‘z ota-onasiga, balki jamiyatdagi barcha keksalarga hurmat ko‘rsatish tushunchasini ham o‘z ichiga oladi. Shuning uchun koreyslar uchun bu burch nafaqat oila doirasida, balki jamiyat miqyosida ham bajarilishi lozim bo‘lgan mas’uliyatdir.
AQSh va boshqa G‘arb mamlakatlarida farzandlik burchi ko‘pincha farzandlarning mustaqilligi va ota-onaga nisbatan ma’naviy javobgarlik doirasida ifodalanadi. G‘arb madaniyatida farzandlar o‘z ota-onalari uchun moddiy yoki ma’naviy g‘amxo‘rlik qilishlari talab etilmasa-da, ularning hurmatini saqlash, ehtiyojlarini tushunish va ularga yordam ko‘rsatish e’tiborga olinadi.
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
Ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar orasida farzandlik burchi mavzusida insholar va rasmlar tanlovlarini o‘tkazish;
Ommaviy axborot vositalari orqali farzandlik burchi, ota-onalarga hurmat mavzularidagi ijtimoiy roliklar, targ‘ibot materiallari, animatsion filmlarni targ‘ib etish;
Yoshlarni ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishga rag‘batlantirish uchun turli xil ijtimoiy loyihalar, tadbirlar va forumlar o‘tkazish;
Oilaning ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish maqsadida mazkur sohaga tegishli bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish.
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
“Onalik uyning ori bor,
Otalik uyning — zari.”
“Ota — aql, ona — idrok.”
“Ota — bilak, ona — yurak.” (o‘zbek xalq maqollari)
“Ot tuyog‘ini toy bosar”
“Oilada hamjihatlik bo‘lmasa, uni baxt tashlab ketar” (qoraqalpoq maqollari)
“Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dashtda.” (qozoq maqoli)
“Uyda ota-onagga suyan, tashqarida — do‘stlaringga.”
“Ota-onani tirikligida boq, o‘lgandan so‘ng so‘ygan moling foydasiz.” (Xitoy maqollari)
“Farzand ato qullig‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,
O‘g‘lidan anga bu ish siroyat qilg‘ay.”
“Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.” (A. Navoiy)
“Ota-onaga muhabbat — barcha yaxshi fazilatlarning asosi” (Sitseron)
“Siz ota-onangiz bilan qanday muomalada bo‘lsangiz, bolalaringiz ham sizbilan shunday muomala qilishini yodda tuting” (Fales)
“Ota-onaga nisbatan hurmat va muhabbat, hech shubhasiz, muqaddas tuyg‘udir.” (V.G.Belinskiy)

Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
Falsafa. Qomusiy lug’at. – Toshkent: “O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, 2004. – 496 bet.
Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2010. – 760 bet.
Confucius. The analects of Confucius: a philosophical translation. New York: Ballantine Books. 1999. https://archive.org/details/analectsofconfuc0000conf_e9q2
Bernard G. Prusak. Parental Obligations and Bioethics. The Duties of a Creator. 2014. https://www.routledge.com/Parental-Obligations-and-Bioethics-The-Duties-of-a-Creator/Prusak/p/book/9781138245303
Badiiy kitoblar:
Шекспир, Вильям. Қирол Лир: драмалар / Инглиз тилидан Фаррух Атаев таржимаси. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2012. – 84 б. https://kutubxonachi.uz/documents/asar/adabiyot/uzbek/pdf/uilyam-shekspir/qirol-lir/#gsc.tab=0
Turgenev, Ivan Sergeevich. Otalar va bolalar. – Toshkent: Yangi Asr Avlodi, 2015. 292 b. https://kitobxon.com/oz/kitob/otalar_va_bolalar
Maqolalar:
Charlotte Ikels. Filial Piety: Practice and Discourse in Contemporary East Asia // The China Journal, 53(53). 2004. https://www.researchgate.net/publication/40421866_Filial_Piety_Practice_and_Discourse_in_Contemporary_East_Asia
Videolar:
https://www.youtube.com/watch?v=xaezO0adOCU