Bolajonlik – bolalarni jondan ortiq sevish, bolajon bo‘lish. Bolajonlik – bu farzandlarga nisbatan cheksiz mehr, g‘amxo‘rlik va hurmatni ifodalaydigan tushuncha.

Farzandlarga mehribonlik ularning fiziologik, psixologik, va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda muhim o‘rin tutadi. Ota-onalar va jamiyatning farzandlarga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lishi bolalarning sog‘lom rivojlanishi, bilim va tarbiya olishi uchun zarur bo‘lgan muhitni yaratadi.
O‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq hisoblangan. Bolalarga mehr berish, ularni avaylab-asrash ham milliy, ham diniy qadriyatlar bilan bog‘langan holda qabul qilingan. Xususan, Islom dinida bolajonlik katta axloqiy qadriyat sifatida qabul qilinadi. Unga ko‘ra, ota-onalar farzandlariga mehribonlik va g‘amxo‘rlik qilishga mas’uldirlar, chunki farzandlar Allohning bergan ne’matlari hisoblanadi.
Shuningdek, Sharqda bolajonlik, oila va jamiyatda farzandlarga bo‘lgan mehr muhim qadriyatlar qatorida sanaladi. Ota-onalar farzandlarini yaxshi tarbiyalash va ularni jamiyatning yetuk a’zosi qilish uchun mas’uldirlar. Mazkur majburiyat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” deb belgilan qo‘yilgan.
Bolajonlik boshqa millat oilalarida qadriyat sifatida
Bolajonlik, farzandlarga mehr-oqibat ko‘rsatish Sharq xalqlaridan keng tarqalgan qadriyat hisoblanadi. Misol uchun Yaponiyada bolalarga mehribonlikni targ‘ib qilish maqsadida maxsus ta’lim dasturlari mavjud. Ushbu dasturlar bolalarga mehr ko‘rsatish va ularni o‘z imkoniyatlarini amalga oshirishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Hind madaniyatida ham bolalarga bo’lgan mehr oilaviy qadriyatlarning muhim qismi hisoblanadi. Ota-onalar bolalarini tarbiyalashda e’tiborli va mehribon bo‘lishadi. Hindistonning turli hududlarida bolalarga mehr ko‘rsatish va ularga sog‘lom tarbiya berish uchun maxsus an’analar mavjud. Oila va jamiyat farzandlarga mehr ko‘rsatish uchun birgalikda harakat qilishadi.
Turkiya va arab mamlakatlari madaniyatida ham bolalarga bo‘lgan mehr va g‘amxo‘rlik oilaviy munosabatlarning muhim qismi hisoblanadi. Ota-onalar farzandlariga o‘z ta’lim, tarbiya va hayotdagi tajribalarini o‘rgatish orqali mehr ko‘rsatadilar. Ota-onalar farzandlarini tarbiyalashda musulmon qadriyatlariga amal qilib, ularni axloqiy jihatdan mukammal shaxs bo‘lishiga harakat qiladilar.
Amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar:
- Ta’lim muassasalarida bolajonlik qadriyatini rivojlantirish uchun maxsus darslar, shuningdek, ota-onalarga hurmat va mehr ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish tashkil etish kerak. Bu darslar orqali bolalarga mehr ko‘rsatish, g‘amxo‘rlik qilish va ularga yaxshi sharoitlar yaratishning ahamiyati o‘rgatiladi;
- Ota-onalar bolalari bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazishlari uchun oilaviy hayot va ish balansini joriy etish, mazkur yo‘nalishda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan davlat va nodavlat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish lozim;
- Farzandlar va ota-onalar birgalikda ishtirok etadigan san’at, sport yoki boshqa turdagi mashg‘ulotlar orqali ular o‘rtasidagi mehrni rivojlantirish mumkin;
- Farzandlarga mehribonlik va g‘amxo‘rlik mavzusida maxsus teleko‘rsatuv va hujjatli filmlar tayyorlash va namoyish etish kerak;
- Farzand tarbiyasida ota-onalar uchun foydali bo‘lgan maslahat va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan materiallar ko‘paytirish lozim;
Qadriyatga taalluqli maqollar, hikmatli so‘zlar, aforizmlar:
“Bola beshikdan yiqilguncha,
Podsho taxtidan yiqilsin.”
“Bol — shirin, boldan — bola shirin.”
“Bola ko‘ngli — podsho.”
“Bola o‘nga kirsa, otasi songa kirar.”
“Bolasi ko‘p bo‘lar boy,
Bolasi yo‘q — quruq soy.” (o‘zbek xalq maqollari)
“Bolaning barmog‘i og‘risa onaning yuragi og‘riydi.” (Belarus maqoli)
“O‘z bolasini sevgan yetimlarga ham muruvvatli bo‘ladi.” (arab maqoli)
“Otalar bilan bolalar bir-birlaridan rozi-rizolik kutib o‘tirmasdan, zarur narsalarni oldindan bir-birlariga berishlari lozim, lekin bu ishni birinchi bo‘lib ota qilishi kerak.” (Diogen)
“Bolalar o‘z ota-onalarida o‘tmishni, ota-onalar o‘z farzandlarida kelajakni ko‘radilar; ota-onalarda bolalariga nisbatan farzandlarning ota-onalarga muhabbatiga qaraganda ko‘proq mehr uchratar ekanmiz, bu qayg‘uli, ayni paytda tabiiy holdir. Xotirotlaridan ko‘ra orzu-umidlarini ko‘proq yaxshi ko‘rmaydigan odam bormi?” (I.Etves)
Tavsiya etilgan manbalar
Kitoblar:
Falsafa. Qomusiy lug’at. – Toshkent: “O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, 2004. – 496 bet.
Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2010. – 760 bet.
Erikson Erik H. Childhood and Society. W.w. Norton and Compny Inc. New York, 1950. https://archive.org/details/dli.ernet.19961
Bettelheim, Bruno. A good enough parent: a book on child-rearing. New York: Knopf: Distributed by Random House, 1987. https://archive.org/details/goodenoughparent00bett/page/n9/mode/2up
Badiiy kitoblar:
Фрэнсис Элиза Ходжсон Бёрнетт. Таинственный сад, 1909. https://litportal.ru/avtory/frensis-eliza-bernett-55941/kniga-tainstvennyy-sad-125318-120938.html
Олкотт Луиза Мэй. Маленькие женщины. https://royallib.com/book/olkott_luiza_mey/malenkie_genshchini.html
Maqolalar:
Aleksiejuk A. The significance of experiencing parental love for a child’s development and upbringing //Medzinarodia interdisciplinary a Vedecka konferencia, Presov, 10 (11), 158. – 2005. – Т. 165.
Mesman, J., & Emmen, R. A. G. (2021). Cultural perspectives on parenting. In V. A. Weekes-Shackelford & T. K. Shackelford (Eds.), The Oxford handbook of evolutionary psychology and parenting (pp. 97–114). Oxford University Press. https://psycnet.apa.org/record/2021-98220-005
Aisha Kakembo. The Role of Play in Early Childhood Education: Balancing Fun and Learning. https://www.researchgate.net/publication/383551094_The_Role_of_Play_in_Early_Childhood_Education_Balancing_Fun_and_Learning
Videolar:
https://www.youtube.com/watch?v=PFTZYpvCbVI&pp=ygUNbG92ZSBjaGlsZHJlbg%3D%3D
https://www.youtube.com/watch?v=8SPu5uydAts&pp=ygUNbG92ZSBjaGlsZHJlbg%3D%3D