
1. Norvegiyada oila[1].
Nikoh (Ekteskap). Norvegiyada nikoh shunchaki qonuniy rishta emas, balki u ikki kishi o‘rtasidagi chuqur yaqin munosabat – cheksiz sevgi, ishonch va birga kechiriladigan umrni anglatuvchi muhim qadriyat. Norvegiyalik juftliklar o‘zlarining oilalarini hurmat va teng sheriklik asosida quradilar.
Norvegiyada oila qurish jarayoni huquqiy me’yorlar va an’anaviy qadriyatlar asosida amalga oshiriladi. Ko‘pincha, bo‘lajak er-xotinlar yaqinlari guvohligida tabiat qo‘ynida yoki cherkovda nikohdan o‘tishadi.
Turmush qurishni niyat qilgan bo‘lajak er-xotin, avvalo, Soliq boshqarmasi yoki tuman hokimiyatida anketa to‘ldiradi[2]. Shundan keyingina ular nikoh marosimini o‘tkazadilar. Ular, shuningdek, o‘zlarining e’tiqodlariga mos keladigan diniy marosimni tanlashlari ham mumkin.
Norvegiyada nikoh juda muhim oilaviy qadriyat bo‘lib, oila qurish va xavfsiz uy-joy bilan ta’minlanish asosiy jihatlardan sanaladi.
Mazkur mamlakatda nikoh nafaqat oilaviy munosabatlarning ibtidosi, balki tarixiy an’analarga hurmat ramzi ham hisoblanadi. Shu ma’noda Norvegiyada nikoh oila va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash qolaversa, yangilanishlar hamda ko‘hna qadriyatlar o‘rtasidagi vorisiylikni saqlab qolish vositasi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, nikoh va oila aksiologik jihatdan sevgi, sadoqat, birgalikdagi uyg‘un kechajak yangi hayotni barpo qilish singari qadriyatlar majmuasi sanaladi[3].
Foreldre (ota-onalar). Norvegiyada ota-onalar farzandlar tarbiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular bolalariga ta’lim olish imkoniyatini yaratish, emotsional qo‘llab-quvvatlash va mehribonlik qilish orqali oilani muqaddas makonga aylantirishga intiladilar. Boshqacha qilib aytganda, oila bolaning baxtli bo‘lishi uchun zamin hozirlaydigan maskan sifatida tushuniladi.
Norvegiyalik ota-onalar farzandlariga adolat va o‘zaro hurmat kabi muhim qadriyatlarni o‘rgatishadi. Shuningdek, ota-onalar farzandlarining mustaqil hamda muayyan tanlovlarni ertaroq amalga oshira olish qobiliyatiga ega bo‘lishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga intiladilar.
Norvegiyada ota-onalar farzandlarining kundalik mashg‘ulotlarida juda faol ishtirok etadilar. Maktabda ta’lim olish uchun yordam berish, sport bilan shug‘ullanish yoki shunchaki birga vaqt o‘tkazish shular jumlasidan. Ular oilaviy dam olish va suhbatlar uchun alohida vaqt ajratadilar.
Bu yerda ota-onalar tabiatga va ochiq havoda o‘yin-kulgiga katta ahamiyat berishadi. Ular farzandlarining tashqarida vaqt o‘tkazishi, piyoda yurishi, chang‘i uchishi va oromgohlarda dam olishiga jiddiy ahamiyat qaratadilar. Norvegiyaliklar bolalarning tabiatga yaqin bo‘lishlari ularda sog‘lom, dunyoga qiziquvchan va atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kabi fazilatlarni shakllantirishiga ishonadilar.
Bu mamlakatda ota-onalar farzandlarining ta’lim olishlari va shaxsiy rivojlanishlari uchun qulay sharoitlar yaratib, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlasalar-da, farzandlarga bosim o‘tkazmaslikka harakat qiladilar. Aniqrog‘i, bola tarbiyasida uning mustaqil shaxs bo‘lib shakllanishi, muayyan tanlovlarni amalga oshira olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi muhim qadriyat sanaladi. Norvegiyada ota-onalar uchun ko‘plab yordam tizimlari mavjud. Hukumat sog‘liqni saqlash, ota-onalarga dam olish va bolalarni parvarish qilishda ko‘maklashadi. Bu sa’y-harakatlar ota-onalarga o‘z ishlarini va uydagi hayotini yaxshilashda ahamiyatga ega.
Sosken (aka-uka). Norvegiya madaniyatida aka-uka va opa-singillar juda muhim. Ular mustahkam rishta hosil qiladilar va umrbod bir-birlarining yonida turishadi. Bu qo‘llab-quvvatlash va do‘stlik hech qachon so‘nmaydi.
Norvegiyalik aka-uka va opa-singillar o‘ziga xos aloqaga ega. Birga ulg‘ayganlari uchun ular baxtli vaqtlardan tortib, to og‘ir damlargacha birga boshdan kechiradilar. Bu ular o‘rtasida mustahkam birlik va o‘zaro tushunish tuyg‘usining shakllanishiga olib keladi. Bu mamlakat oilalarida aka-uka va opa singillar bir-birlarini emotsional qo‘llab-quvvatlash va maslahatlar berish orqali o‘zaro uyg‘un hayot shakllantirishga intiladilar. Aniqrog‘i, aka-uka va opa-singillarning bir-birlarining hayotlaridagi ishtiroki katta ahamiyat kasb etadi. Norvegiyada aka-uka va opa-singillar shunchaki bir oilaning vakili bo‘libgina qolmay, umrbodlik sadoqatli do‘stlar ham sanaladilar[4].
Norvegiyada aka-uka va opa-singillar oilaviy hayotning kaliti hisoblanadi. Ular o‘zaro birdamlik va sadoqatning muhim qadriyatlarini namoyish etadilar va bu Norvegiya jamiyatida qadrlanadi. Bu mamlakatda bir oila farzandlari o‘z oilalarini qurganlaridan keyin ham yaqin munosabatlarni saqlab qolishadi. Ushbu rishtalar umr bo‘yi davom etadi.
Aka-uka va opa-singillar o‘rtasidagi mustahkam aloqani hurmat qilish Norvegiya madaniyatining bir qismidir. Ularning o‘ziga xos munosabatlari hamma tomonidan tan olinadi va qadrlanadi[5].
Norveglar uy ishlarida va qarorlar qabul qilishda bir-birlariga ko‘maklashgan holda tinch va barqaror oilaviy hayotga intiladilar. Ularning jamoaviy turmushi hamda uy ishlarini hamjihatlikda bajarishlari oilaviy hayotning muammosiz o‘tishini ta’minlaydi.
Mamlakat fuqarolar yosh bolalarni tarbiyalashda ham yordam berishadi. Bu ularga mas’uliyat va boshqalarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgatadi. Oiladagi kichik uka-singillarning tarbiyasida ko‘maklashish aka va opalarning kishilarga g‘amxor hamda mas’uliyatli yetuk shaxs bo‘lib yetishishlari uchun zamin hozirlaydi.

2. Norvegiyada yosh oilalar.
Yoshlarga oid umumiy siyosat uchun mas’ul organ – Bolalar va oilalar vazirligi.
Norvegiyada yosh oilalarni o‘rganish oila dinamikasi, siyosat ta’siri, ijtimoiy inklyuziya va yordamchi texnologiyalar kabi turli jihatlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Norvegiyada “Yosh oila” toifasi davlatdan katta yordam oladigan muhim ijtimoiy guruhdir. Mazkur qo‘llab-quvvatlov yosh oilalarning hayot sifatini yaxshilash, tug‘ilishni rag‘batlantirish va bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan turli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi[6].
Yosh oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari
Norvegiya o‘zining keng ijtimoiy himoya tarmog‘i bilan mashhur va yosh oilalar bundan mustasno emas. Yosh oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga quyidagilar kiradi:
Onalik va tug‘uruq ta’tillari: dunyodagi eng uzun va eng moslashuvchan ota-ona ta’tillaridan biri hisoblanadi. Ota-onalar 49 haftagacha pullik ta’tilni bo‘lishishlari mumkin.
Bolalar nafaqasi: barcha oilalar, daromadidan qat’i nazar, har bir bola uchun 18 yoshga to‘lgunga qadar oylik to‘lovlarni oladi.
Uy-joy subsidiyalari: yosh oilalar uyni ijaraga olish yoki sotib olish uchun moliyaviy yordam olishlari mumkin.
Imtiyozlar va xizmatlar
Norvegiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli imtiyozlar va xizmatlar taqdim etiladi:
Ta’lim dasturlari: bolalar bog‘chalaridan tortib, to oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan bolalar uchun bepul va sifatli ta’lim.
Sog‘liqni saqlash: bolalar uchun bepul tibbiy yordam va ota-onalar uchun sog‘liqni saqlash uchun muhim subsidiyalar.
Madaniy va sport tadbirlari: bolalarning rivojlanishiga va oilaviy vaqtga qaratilgan ko‘plab davlat va shahar dasturlari[7].
Norvegiyada gender tengligiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu ota-onaning ikkisi ham farzand tarbiyasi va uy xo‘jaligini boshqarishda teng ishtirok etishida namoyon bo‘ladi.
Davlat dasturlari, imtiyozlar va xizmatlar oilalarning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratib, o‘z navbatida, jamiyatning umumiy farovonligiga xizmat qilmoqda.
3. Bobo-buvi va katta oilaning roli
Norvegiya oilalarida bobo-buvilar va boshqa qarindoshlarning oilaviy hayotdagi ishtiroki katta ahamiyatga ega. Keksalar yoshlarga maslahat berib, qo‘llab-quvvatlaydilar. Ularning yordami oila daraxtini mustahkam va barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Barneoppdragelse (bolalar tarbiyasi).
Norvegiyada “Barneoppdragelse” deb nomlangan qadriyat bolalarni tarbiyalash asoslaridan biri hisoblanadi. Bu bolalarga muhim qadriyatlarni, tartib-intizomni va qanday qilib mustaqil bo‘lishni o‘rgatadi. Norvegiyalik ota-onalar o‘z farzandlari uchun o‘sish va o‘zini rivojlantirish uchun mehrli muhit yaratadilar[8].
Norvegiyaliklar tabiatni yaxshi ko‘radilar va ochiq havoda vaqt o‘tkazishni juda muhim deb biladilar. Bu, ularning fikricha, bolalarning sog‘lom va baxtli bo‘lishiga, atrof-muhitga bo‘lgan muhabbatini rivojlantirishga yordam beradi.
Ota-onalar o‘z farzandlarining shakllanishida faol ishtirok etadilar, maslahat beradilar va ijobiy munosabatda bo‘ladilar. Norvegiyada farzand bilan ochiq suhbatlashish qadrlanib, bu orqali ular o‘z fikrini erkin ifoda etishi uchun qulay muhit hosil qilinadi.
Norvegiyadagi “Barneoppdragelse” kelajak avlodning mustaqil bo‘lishiga imkon berishda katta ahamiyatga ega[9]. Norveglar to‘g‘ri tanlov qilishni bolalarning o‘zlari o‘rganishlari kerak, deb hisoblashadi. Shunday qilib, bolalar muammolarni hal qilish va qaror qabul qilishni o‘zlari o‘rganadilar.
Norvegiyadagi bolalarni tarbiyalash deganda ularni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish tushuniladi. Ota-onalar o‘z farzandlarini kuchli, o‘ziga ishongan shaxslar qilib voyaga yetkazishga intilib, ularlarning har tomonlama rivojlanishi uchun tarbiyaviy makon yaratadilar.

4. Norvegiyada oilaviy qadriyatlarga e’tibor.
Norvegiya jamiyati haqiqatan ham oilaviy munosabatlarni qadrlaydi. Norvegiya oilalari o‘zlarining mustahkam birligi va yordami bilan mashhur. Ular oilada har bir shaxsning mustaqilligini ham hurmat qiladilar.
Norveglar o‘z oilalarini birdam va hamjihat bo‘lishiga katta ahamiyat qaratishadi. Ular yaqin va samimiy oilaviy munosabatlarning kuchiga ishonishadi.
Mamlakat oilalari oilaviy qadriyatlarni yuksak qadrlaydi. O‘zaro munosabatlarni mustahkamlash uchun birgalikda vaqt o‘tkazishadi.
Ularda oilaning har bir a’zosining fikri muhim. Ular tenglik va so‘z erkinligini hurmat qiladilar. Oila sifatida birgalikda qaror qabul qilish buning yaqqol misoli bo‘la oladi[10].
Norvegiya oilalarida bir-birlariga yordam berish muhim ahamiyatga ega. Ular, shuningdek, oilani mustahkam saqlash majburiyatlarini baham ko‘rishadi.
Norvegiya oilaviy hayotining asosiy jihatlari:
Birlik: Norvegiya oilalari o‘zlarining birligini qadrlashadi. Ular birga vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘radilar va mustahkam oilaviy rishtalarini qadrlashadi.
O‘zaro yordam: oilada bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash Norvegiya oilaviy hayotining katta qismidir. Ular har doim bir-birlariga hissiy va amaliy yordam berishga tayyor.
Individual mustaqillik: birlikka qaramay, Norvegiya oilalari shaxsiy erkinlikni qadrlashadi. Har bir inson o‘z oilasida hurmatga sazovor va o‘z ovoziga ega.
Umumiy mas’uliyat: Norvegiyada oilaviy hayotda hamma birdek ishtirok etadi. Oila a’zolarining barchasi uy ishlari va moliyaviy masalalarda o‘zaro bir-birlariga yordam beradilar.
Kuchli qadriyatlar: Norvegiya oilalarida sevgi va ishonch kabi qadriyatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega[11]. Ular mustahkam oilaviy munosabatlarning asosidir. Birgalikda bo‘lish, bir-biriga yordam berish va erkinlikka yo‘l qo‘yishga e’tibor berish ajoyib oila muhitini yaratadi. Bu yerda hamma qo‘llab-quvvatlanadi va hurmat qilinadi.
Toshov Xurshid Ilxomovich
Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Falsafa kafedrasi dotsenti,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
[1] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti – 23.07.2024)
[2] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti – 23.07.2024)
[3] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti – 23.07.2024)
[4] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti – 23.07.2024)
[5] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti – 23.07.2024)
[6] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)
[7] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)
[8] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)
[9] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)
[10] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)
[11] https://nlsnorwegian.no/family-and-relationships-key-norwegian-terms/#Introduction_to_Norwegian_Family
(Murojaat vaqti: 23.07.2024)