Janubiy Koreyada oila jamiyatining ajralmas qismi bo‘lib, u ijtimoiy barqarorlikning tamal toshi hisoblanadi. Azaldan koreys oilasi patriarxal tuzilishda bo‘lgan. Unda ota yoki erning roli asosiy bo‘lib, oilada ayollar va farzandlar unga itoat etishgan, hurmat ko‘rsatishgan. Ota esa, o‘z navbatida, buning evaziga oilasiga g‘amxo‘rlik qilish, ta’minlash va himoya qilish majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan. Konfutsiylik va buddaviylik g‘oyalarining ta’sirida oilada farzandlik burchi, kattalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi qadriyatlarga katta e’tibor qaratila boshlagan. Koreya urushi (1950–1953-yillar)dan keyingi yillarda oila institutida o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi va bu ayollarning an’anaviy gender rollariga qo‘shimcha ravishda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy faolligining oshishi, shuningdek, aholining keksayishi, tuzilayotgan nikohlar va farzand ko‘rishning kamayib ketishi kabi jihatlar oilaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, koreys jamiyatida hali ham oilaviy qadriyatlar muhim ahamiyat kasb etadi[1].

Hozirda mamlakatda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, mustahkamligini ta’minlash, ish va oila o‘rtasida muvozanatga erishish maqsadida koreys hukumati tomonidan ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Koreyada xodimlarning oilalari mustahkamligini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun alohida sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim farzandli bo‘lish, bola parvarishini qo‘llab-quvvatlash yoki kichik yoshdagi farzandlari bo‘lgan xodimlar uchun moslashuvchan ish vaqti rejimini joriy etgan tashkilot va korporatsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. 2022-yilning dekabr oyi holatiga ko‘ra, bu kabi sertifikatlar jami 5 415 ta tashkilot va korporatsiyalarga taqdim etilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyada haftaning chorshanba kunida “Oilaviy muhabbat kuni” aksiyasini o‘tkazish targ‘ib etiladi. Aksiya doirasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar ishdan o‘z vaqtida chiqishlari va kunning qolgan qismini oila a’zolari bilan birgalikda o‘tkazishlari tavsiya etiladi[2].

Janubiy Koreyadagi oila instituti konfutsiychilik ta’sirida shakllangan bo‘lib, u kattalarni hurmat qilish, ota-onaga sadoqat va oilada ijtimoiy uyg‘unlikni saqlashga katta e’tibor qaratiladi. Bu qadriyatlarga ko‘ra, farzandlar ota-onalari va kattalarni chuqur hurmat qilishlari, hatto keksayganlarida ham ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishlari talab etiladi.

Boshqa Sharqiy Osiyo mamlakatlari (masalan, Yaponiya) kabi Koreyada ham bir necha avlodlardan iborat bo‘lgan oilaning birgalikda istiqomat qilishi normal holat hisoblanadi. Bu orqali oilaviy qadriyatlarning avlodlararo meros sifatida davomiyligini ta’minlash hamda keksa yoshdagi bobo-buvilarga g‘amxo‘rlik qilish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Koreyada ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi ijtimoiy, madaniy va ruhiy bog‘liqlik juda kuchli. Ota-onalar o‘z farzandlarini tarbiyalashni jiddiy burch sifatida qabul qilishadi hamda farzandlaridan ta’lim va karyerada muvaffaqiyatlar qozonishini kutishadi. Bu esa koreys yoshlariga katta bosim o‘tkazadi.

Nikoh

Janubiy Koreyada nikohga azaldan muqaddas qadriyat sifatida e’tibor qaratib kelingan. Nikoh tuzish, odatda, ikki oilaning yoshi ulug‘lari tomonidan o‘zaro kelishuv asosida amalga oshirib kelingan. Bunda konfutsiylikning an’anaviy farzandlik burchiga tegishli g‘oyalari asosiy rol o‘ynagan. Zamonaviy koreys jamiyatida ham nikohga alohida e’tibor qaratiladi. Koreys yoshlari ko‘pincha bir-biri bilan yakka holda uchrashuvga chiqishdan cho‘chiganlari sababli, odatda, guruhlarda uchrashishni afzal ko‘rishadi. Ko‘pincha umumiy do‘stlar yoki ota-onalar tomonidan uyushtirilgan turli kechalar va uchrashuvlar orqali tanishish holatlari uchraydi. Umuman olganda, bugungi kunda ham koreys jamiyatida ota-onalar tashabbusi bilan tuzilgan nikohlar ko‘p uchraydi, lekin farzandlarning fikri ham albatta inobatga olinadi[3].

Hozirgi kunda Janubiy Koreyada zamonaviy to‘ylar ko‘proq uchraydi, kuyov kostyumda, kelin esa oq ko‘ylakda. Biroq bu zamonaviy to‘y marosimlari ko‘pincha an’anaviy “Pyebaek” marosimi bilan davom etadi. Bular faqat oila a’zolari orasida kichik marosim shaklida o‘tkazilib, unda kuyov va kelin an’anaviy koreys kiyimini kiyishadi va oila a’zolariga ta’zim qilishadi.

(surat https://dzen.ru/a/Y6WAvsgDfEsOTr_q sahifasidan olingan)

Janubiy Koreyada yosh oilalar

Yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Koreyadagi oilaga taalluqli ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan ota-onalarning farzandlarini parvarish qilish maqsadida alohida Bolalarni parvarish qilish xizmati yaratilgan. Mazkur xizmat orqali yarim yoki to‘liq kunlik professional enagalarni yollash, bolalarning uyda maxsus parvarishlashi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur xizmatni ko‘rsatishda davlat xizmat to‘lovining bir qismini subsidiyalash orqali kam ta’minlangan oilalarning bola parvarishi imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi[4].

Shuningdek, Koreyada hukumat tomonidan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyaviy ko‘mak berish tizimi ham shakllantirilgan. Misol uchun, oilalar bola tug‘ilgandan keyin birinchi yil uchun taxminan 770 AQSh dollari miqdorida oylik nafaqa oladi[5]. Bundan tashqari, yoshlarning oila qurishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan tanishuv va nikoh uchun pul imtiyozlari ham mavjud[6]. Shuningdek, Janubiy Koreyada yangi turmush qurganlar va yosh oilalar uy-joyga oid ipoteka va ijara subsidiyalaridan foydalanishlari va uy-joyga ega bo‘lishni osonlashtirish bo‘yicha davlat dasturlari orqali ko‘mak olishlari, yosh oilalar uchun mo‘ljallangan imtiyozli ipoteka kreditlari olishlari mumkin.

Janubiy Koreyada keksalarga e’tibor va farzand tarbiyasida an’anaviy qadriyatlarning o‘rni. Konfutsiylik g‘oyalariga uyg‘un ravishda koreys madaniyatida yoshi katta insonlarga hurmat ko‘rsatish, farzandlik burchini ado etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Koreys madaniyatining asosiy qadriyatlaridan biri keksalarga hurmat ko‘rsatishdir. Bu oila tuzilishiga ham ta’sir qiladi, chunki bolalardan ota-onalari va bobo-buvilariga itoat etishlari kutiladi. Shuningdek, oilada qaror qabul qilishda katta yoshdagi a’zolar hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. Odatda, oilada to‘ng‘ich farzand ota-onasiga keksaygan vaqtida g‘amxo‘rlik qiluvchi sanaladi.

Koreys madaniyatida keksalarga hurmat belgisi sifatida ta’zim qilish keng tarqalgan odatdir. Katta yoshli kishi bilan salomlashganda yoki xayrlashganda, belni biroz egib ta’zim qilish odatiy hol. Ta’zimning qay darajada chuqurligi ta’zim qilinayotgan insonning yoshi va maqomiga qarab turlicha bo‘ladi[7].

Koreya madaniyatida keksa avlod vakillarining farzand tarbiyasidagi o‘rni katta hisoblanadi. Katta oila bo‘lib, bir necha avlod vakillarining bir joyda yashashi koreys oilalarida yosh bolalarga g‘amxo‘rlik qilishda bobo va buvilarning, shuningdek amaki, amma, tog‘a va xolalarning ham ishtirok etishini ta’minlaydi[8].

Janubiy Koreyada oilaviy qadriyatlarga e’tibor

Janubiy Koreyada oilaviy qadriyatlar tizimiga konfutsiylik g‘oyalariga asoslangan milliy madaniyat katta ta’sir ko‘rsatadi. Koreys oilalari uchun muhim sanaladigan ba’zi qadriyatlar quyidagilardan iborat:

– kattalarga hurmat-ehtirom. Koreys oilalarida yoshi katta oila a’zolariga hurmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi. Bolalar yoshligidanoq yoshi ulug‘larga hurmat bilan, muloqot va o‘zini tutishda ularga alohida munosabatda bo‘lishga o‘rgatiladi. Yoshi katta insonlar bilan uchrashganda ularga ta’zim qilish ham hurmat belgisi hisoblanadi.

– nikoh va oilaning muqaddasligi. Koreyada nikoh nafaqat ikki insonning o‘zaro kelishuvi, balki ikki oilaning birlashuvi ham hisoblanadi. Koreyada oila azaldan muqaddas bo‘lib, uning buzilishi jamiyatdagi eng katta muammolardan biri sifatida qabul qilinadi.

– farzandlik burchi. Konfutsiylikning muhim qadriyatlaridan yana biri ota-onaga va ajdodlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, farzandlik burchini bajarish hisoblanadi. Koreyslar uchun ota-ona keksaygan vaqtida g‘amxo‘rlik qilish, ularni moddiy va psixologik tomondan qo‘llab-quvvatlash ulug‘ sharaf va burch sifatida qaraladi.

– hamjihatlik. Koreys madaniyati jamiyat manfaatini shaxs manfaatlaridan ustun qo‘yadi. Ayniqsa, oilaviy munosabatlarda oila a’zolarining hamjihatligiga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur qadriyat oilaning mustahkam bo‘lishi hamda oilaviy rishtalarning barqarorligiga xizmat qiladi.

– ilmparvarlik. Koreys oilalarida ilm alohida qadrlanadi. Ota-onalar o‘z farzandlarining ilm olishi va ta’limda yutuqlarga erishishini istashadi. Ilmparvarlik koreyslarda o‘z-o‘zini takomillashtirishning vositasi sifatida qabul qilinadi.

Alimov Sardor Komil o’g’li,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo’lim boshlig’i,
falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent

[1] https://culturalatlas.sbs.com.au/south-korean-culture/south-korean-culture-family#:~:text=Koreans%20are%20very%20family-oriented.%20Family%20members%20are%20very%20loyal
%20to

[2] https://www.mogef.go.kr/eng/pc/eng_pc_f004.do

[3] https://www.optilingo.com/blog/korean/the-importance-of-family-in-korean-culture/#:~:text=Family%20relationships%20are%20crucial%20in%20South%20Korea.%20The%20unique
%20family

[4] https://www.mogef.go.kr/eng/pc/eng_pc_f007.do

[5] https://www.weforum.org/agenda/2023/04/this-asian-nation-will-give-families-770-a-month-for-one-year-to-have-a-baby/

[6] https://newtelegraphng.com/low-birth-rate-skorea-offers-38000-incentive-for-dating-marriage/

[7] https://www.namhansouthkorea.com/what-is-family-structure-in-korean-culture/

[8] https://www.namhansouthkorea.com/what-is-family-structure-in-korean-culture/