
Hindistonda oila jamiyat hayotining asosini tashkil etadi. 2021-yilda Hindistonda taxminan 302 million uy xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, har bir xo‘jalikda o‘rtacha 4,44 nafardan a’zodan iborat bo‘lgan[1]. Ya’ni bundan xulosa qilib aytish mumkinki, Hindiston dunyodagi eng ko‘p oilalar mavjud bo‘lgan mamlakat hisoblanadi.
Hindistonda oila va unga taalluqli qadriyatlar tizimi ko‘p asrlik madaniy, diniy va ijtimoiy an’analar asosida shakllangan. Hind jamiyatida oila tushunchasi azaldan muqaddas hisoblanib, mustahkam oilaviy rishtalar qadrlangan. An’anaviy ravishda hind oilalari katta, ko‘p avlodli, hamjihatlik g‘oyalari asosida shakllangan. Bugungi kunda globallashuv, urbanizatsiya va modernizatsiya jarayonlari ta’sirida oilaviy qadriyatlar tizimi o‘zgarishlarga ham uchramoqda.
Hindiston – ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali mamlakat. Hind jamiyatida din oilaviy hayotning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Hinduizm, islom, xristianlik, sikxizm va boshqa dinlar oilaviy marosimlar, nikoh amaliyoti va oilaviy qadriyatlar tizimga katta ta’sir ko‘rsatadi. Oilaviy hayotga talluqli nikoh marosimlari va bayramlarning ko‘plab jihatlari diniy an’analar bilan chambarchas bog‘liq.
Hindistonda oilaning eng qadimiy va e’tiborli shakllaridan biri – bir necha avlod vakillari bir tom ostida birga yashaydigan katta oila tizimidir. Bunday oilaviy hayot tarzi insonlarni jamoa bo‘lib yashashini rag‘batlantirib, bunda mas’uliyat, mablag‘lar va oila a’zolari (ayniqsa, keksalar) parvarishi qarindoshlar o‘rtasida taqsimlanishini ta’minlaydi[2].
Hind oilalari, odatda, patriarxal shaklda tuzilgan. An’anaga ko‘ra, oila boshlig‘i (odatda, eng katta yoshdagi erkak) oilaviy qarorlar qabul qilishda asosiy o‘ringa ega bo‘lgan. Oilada an’anaviy gender rollar asosida erkaklar oilaning ta’minoti bilan, ayollar esa uy yumushlari bilan shug‘ullangan. Bugungi kunda globallashuv ta’sirida mamlakatning urbanizatsiyalashgan hududlarida oiladagi gender rollar taqsimotida o‘zgarishlarga uchramoqda[3].
Hindistonda nikohni muqaddas sanab, oilaning barqarorligini saqlash haqidagi qarashlar ming yillar davomida shakllangan. Hind jamiyati uchun nikoh muqaddas ittifoq va oila shakllanishining muhim qismi sifatida qaraladi. Hindistonda nikohlar ikki oilaning ulug‘lari tomonidan yigit va qiz tegishli bo‘lgan tabaqa, din va ijtimoiy mavqe asosida tuzilishi odatiy hol hisoblanadi. Ularda oilaviy ajrashish qattiq qoralanib, nikoh tuzilishidayoq oilaviy rishtalar butun umrga bog‘lanishiga e’tibor qaratilgan[4].
Hindistonning turli qismida oilaviy urf-odatlar va an’analar bir-biridan farq qiladi. Misol uchun, shimoliy Hindistonning ayrim hududlarida turmush qurgan hind ayollari erlarining keksa erkak qarindoshlari huzurida “ghoonghat” (maxsus turdagi pardа yoki ro‘mol) taqishi odati mavjud[5]. An’analarga ko‘ra, Hindistonda nikohga rozilik sovchi, er-xotinning ota-onasi yoki boshqa ishonchli uchinchi shaxs orqali amalga oshirilgan. Ota-ona yoki oilaning boshqa katta a’zolari tanlovi bilan oila qurish holatlari hind jamiyatida ilgari ko‘p uchragan. Bugungi kunga kelib, oila qurishda yigit va qizning xohish-istaklarini inobatga olish holatlari ko‘proq kuzatilmoqda.

(surat https://mavink.com/explore/Indian-Destination-Wedding sahifasidan olingan)
Hindistonda yosh oilalar
Ilgari yangi tuzilgan oilalarning katta oilalar tarkibida, bir necha avlodlarning vakillari birgalikda yashashi odat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, yosh oilalarning alohida yashashga intilishi kuchayib, nuklear oilalar soni ortib bormoqda. Mazkur jarayon ayniqsa Bombey, Dehli, Nyu-Dehli kabi yirik shaharlarda keng tarqalmoqda.
Bugungi kunda hind hukumati yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, mamlakatda onalik nafaqasi dasturi (Pradhan Mantri Matru Vandana Yojana) mavjud bo‘lib, mazkur dastur homilador va emizikli ayollarning salomatligi va ovqatlanishini yaxshilash maqsadida moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, mamlakatda olti yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularning onalarini oziq-ovqat, maktabgacha ta’lim va birlamchi tibbiy yordam bilan ta’minlovchi davlat dasturlari ham mavjud[6].
Hindistonda keksalarga e’tibor va farzand tarbiyasida an’anaviy qadriyatlarning o‘rni
Hindistonda an’anaga ko‘ra, keksalar parvarishi oilaviy mas’uliyat hisoblanib, yosh avlodlar o‘zlarining keksa ota-onalari yoki bobo-buvilariga g‘amxo‘rlik qilishlari qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Bu g‘amxo‘rlik Hindiston madaniy va diniy qadriyatlariga, ayniqsa hinduizmga asoslangan bo‘lib, unda keksalarni hurmat qilish va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish axloqiy burch sifatida qaraladi.
Hindistonda “Keksalar sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha milliy dasturi (NPHCE)” qabul qilingan bo‘lib, hukumat ushbu dastur orqali keksa fuqarolarga qulay va arzon tibbiy xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan. Dastur, asosan, keksa yoshdagi aholi orasida keng tarqalgan surunkali kasalliklar va nogironlik holatlarida tibbiy va ijtimoiy yordam berishga e’tibor qaratadi[7]. Shuningdek, mamlakatda 2007-yilda “Ota-onalar va keksa fuqarolarni ta’minlash va farovonligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, ushbu qonun farzandlarga keksa ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini yuklaydi[8].
Hind jamiyatida farzandlarni tarbiyalash masalasida jamoaviylik kuchli bo‘lib, farzand tarbiyasida ota-onadan tashqari bobo-buvi hamda boshqa qarindoshlarning ishtiroki odatiy hol hisoblanadi. Farzand tarbiyasida onalar asosiy rol o‘ynab, erkaklar, odatda, oilani moddiy ta’minlashga asosiy e’tiborini qaratadi. Hind oilalarida farzandlarning ta’limiga ham katta e’tibor beriladi, ota-onalar farzandlari yaxshi bilim olishi uchun sharoit yaratishga harakat qilishadi.

(surat https://www.bayut.com/mybayut/about-life-indians-dubai/ sahifasidan olingan)
Hindistonda oilaviy qadriyatlar
Hind oilalarida kattalarga hurmat-ehtirom, burch, or-nomus, fidoyilik kabi qadriyatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy hayotda oilaning o‘zi eng asosiy qadriyat hisoblanib, uning birligi, mustahkamligi, oilaviy sadoqat kabi jihatlar yuqori baholanadi. Ushbu qadriyatlar ko‘pincha bolalikdanoq o‘rgatiladi va oilaviy qadriyatlar turli bayramlar, diniy marosimlar va urf-odat, an’analar orqali targ‘ib qilinadi[9].
Hindlarda asosiy oilaviy qadriyatlardan biri kattalarga hurmat ko‘rsatish hisoblanadi. Yoshi kattalarning donoligi va tajribasi qadrlanib, yo‘l ko‘rsatuvchi shaxslar sifatida e’zozlanadi. Kattalarga hurmat oiladagi kundalik munosabatlarda namoyon bo‘ladi: duo so‘rash, hurmat belgisi sifatida ta’zim qilish va muhim oilaviy qarorlarda ularning maslahatlarini inobatga olish shular jumlasidan. Shuningdek, farzandlarning keksaygan ota-onalari bilan birga yashashi yoki ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi odatiy holdir.
Hindistonda oilaviy munosabatlar shaxs manfaatlaridan ko‘ra jamoaviylikni ustuvor qo‘yadi. Oila a’zolaridan oilaning ehtiyojlari va sha’nini o‘z shaxsiy istaklaridan yuqori qo‘yishlari kutiladi. Qarorlar, ayniqsa nikoh, ta’lim yoki kasb tanlash bilan bog‘liq masalalar ko‘pincha oilaning manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinadi. Oilaviy rishtalar umrbod majburiyat sifatida qaraladi va aka-ukalar, opa-singillar hamda boshqa qarindoshlar o‘rtasida o‘zaro yordam ko‘rsatish odatiy hol hisoblanadi.
(Asosiy surat https://www.instagram.com/p/CYPP2UovykG/ sahifasidan olingan)
Alimov Sardor Komil o’g’li,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo’lim boshlig’i,
falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
[1] Total Households in India (2010 – 2021, Million) – https://www.globaldata.com/data-insights/macroeconomic/number-of-households-in-india-2096149/
[2] Patel T. (ed.). The family in India: Structure and practice. – Sage, 2005.
[3] Desai, Sonalde, and Manjistha Banerji. “NEGOTIATED IDENTITIES: MALE MIGRATION AND LEFT-BEHIND WIVES IN INDIA.” Journal of Population Research, vol. 25, no. 3, 2008, pp. 337–55. JSTOR, http://www.jstor.org/stable/41110916. Accessed 6 Sept. 2024.
[4] Uberoi P. Freedom and destiny: Gender, family, and popular culture in India // New Delhi ; New York : Oxford University Press. – 2006. https://archive.org/details/freedomdestinyge0000uber/page/316/mode/2up. Accessed 6 Sept. 2024.
[5] https://culturalatlas.sbs.com.au/indian-culture/indian-culture-family
[6] https://www.unicef.org/india/what-we-do/social-policy-inclusion
[7] https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/36039665/
[8] https://www.indiacode.nic.in/bitstream/123456789/2033/1/200756.pdf
[9] Karve I. K. Kinship organization in India // Bombay: ASIA PUBLISHING HOUSE. – 1965. https://archive.org/details/KinshipOrganizationInIndiaIrawatiKarve2ndEdition/page/n7/mode/2up