Fransiyada oila, odatda, 2–4 kishidan iborat bo‘lgan uncha katta bo‘lmagan guruh hisoblanadi. Ular katta oilani topish juda mushkul bo‘lib, yana bir muhim omil shundaki, oila qurish yoshi ancha yuqori. 27–30 yoshgacha bo‘lgan yangi turmush qurganlar kamdan-kam uchraydi. Bu Fransiya jamiyati uchun normal (me’yoriy) holat hisoblanadi, chunki bu yoshga qadar sevishganlar birga vaqt o‘tkazishlari mumkin, ammo oilaviy aloqalarni rivojlantirishmaydi. Ammo nikohga kirgandan keyin turmush o‘rtoqlarning ikkisi ham teng ravishda ishlaydi. Mamlkatda ulardan birining uyda o‘tirishi deyarli uchramaydi[1].

Fransiyada erkaklar o‘z farzandlari bilan ko‘proq shug‘ullanishadi. O‘zbekistonda esa oilada bolalar bilan erkaklarga nisbatan ayollar ko‘proq shug‘ullanishadi. Lekin Fransiyada aksincha holat – onalar bolalarga kamroq g‘amxo‘rlik qilishadi, ular, asosan, o‘zlarining kasbiy martabalariga, o‘yin-kulgi, kino, restoranlarga borish va hokazolarga ko‘proq vaqt ajratishadi. Fransuz qonunchiligi ko‘proq ota tomonda. Ajrim bo‘lganida bolaning onasi bilan qolish bo‘yicha imkoniyati deyarli yo‘q. Agar fransuz bolaning onasi doimiy yashash uchun Fransiyaga yashash uchun kelgan va bu yerda turmush qurishga qaror qilgan chet ellik bo‘lsa, u holda ajrashganda uning farzandi bilan qolish imkoniyati deyarli nolga teng[2].

 Umumiy qabul qilingan g‘oyalarga ega bo‘lgan oilalarda bolalarni tarbiyalashda ular individuallik, shaxsiyatni shakllantirishshga hamda iste’dodlarni ochishga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Yosh avlodni tarbiyalash bilan bog‘liq fransuz oilaviy an’analari bu kabi tasavvurlardan biroz farq qiladi. Fransuzlar o‘z farzandini, eng avvalo, jamiyatning to‘la huquqli a’zosi, ya’ni yaxshi oila boshlig‘i va mamlakatining fuqarosi qilib tarbiyalashga harakat qiladilar.

Fransiyada oilaviy aloqalar juda mustahkam, hatto farzandlar ulg‘ayganlaridan keyin ota-onalari bilan yaqin bo‘lib qolishadi: har kuni bir-birlariga telefon qilishadi va haftada hech bo‘lmasa bir marta birga tushlik qilishadi.

Fransiyada oilaviy an’analar avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tadi va ular uchun bolaning o‘zini namoyon qilishi mamlakat uchun ijtimoiy birlikni yaratish kabi muhim emas. Bo‘lajak avlodni tarbiyalashda fransuz jamiyatining qadriyatlariga ko‘proq e’tibor qaratiladi.

O‘rta sinfga mansub bo‘lgan oilalarda bolalarni qattiqqo‘llik bilan tarbiyalashadi. Masalan, fransuz ota-onalar farzandlariga e’tibor qaratish maqsadida o‘z ish mashg‘ulotlarini to‘xtatishmaydi va bu Fransiya uchun ijtimoiy norma hisoblanadi. E’tiborni jalb qilish uchun bolalar ota-onalari bilan muloqot qilishda yanada ijodiyroq yondashishadi. Agar fransiyalik onalar farzandariga didsiz harakat va xulq-atvor, ahmoqona yoki yomon xulq-atvor haqida tanbeh berishadigan bo‘lsa, bu to‘la normal holat sifatida qabul qilinadi.

Fransiya oilasida er katta obro‘ga ega. Bundan tashqari, iyerarxik zinapoyaning keyingi pog‘onasi qaynona-qaynotaga tegishli. Ko‘pincha fransuz oilalarida qaynonaning roli kelinning xatti-harakatlarini kuzatish va nabiralarini tarbiyalash bo‘yicha tavsiyalar berishdir. Fransiyada oilaviy an’analar shundayki, hatto farzandlar voyaga yetishgan bo‘lsa-da, ota-onalarning ruxsatisiz biror narsa qilishga, masalan, muzlatgichdan ovqat olishga yoki avtomobil olishga qo‘rqishadi. Fransuz oilalarining o‘ziga xos xususiyati – yaqin aloqalarni saqlashga va ota-onalari bilan yaqin yashashga harakat qilish. Fransuz oilalarida avlodlarni o‘zaro juda kuchli rishtalar bilan bog‘lab turadi.

(surat https://www.destinationtips.com/attractions/14-things-kids-paris/ sahifasidan olingan)

Oilaviy qadriyatlar

Fransiyada oilaviy qadriyatlar kundalik hayot va kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning muhim jihatlarini shakllantiradigan chuqur madaniy va ijtimoiy an’analarga borib taqaladi.

Oilaning ahamiyati. Fransiyada oila instituti inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Individuallikka qaratilgan zamonaviy tendensiyalarga qaramay, ko‘pchilik fransuzlar oilani barqarorlik va farovonlik asosi sifatida qabul qilishadi. Bu yerda avlodlar o‘rtasidagi aloqalar ham, oila ichidagi hissiy munosabatlar muhim ahamiyatga ega. Ota-oanlar bolalar hayoti va tarbiyasiga faol qatnashadi, katta farzandlar esa ko‘pincha ota-onalari bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolishadi.

Oiladagi teng huquqlilik. Zamonaviy fransuz oilalari, ayniqsa shaharlarda turmush o‘rtoqlar o‘rtasidagi teng huquqlik tamoyiligi asoslanadi. Ikkala ota-ona ham odatda ishlashadi. Ko‘pgina oilalar kasbiy faoliyat bilan oilaviy majburiyatlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashadi. Turmush o‘rtoqlari bolalarga g‘amxo‘rlik qilishadi, uy-ro‘zg‘or mas’uliyatini teng taqsimlashadi. Bu esa Fransiyaning gender tenglik tamoyiliga sodiqligini namoyon etadi.

Shaxs erkinligi va individuallik. Fransuz madaniyati individual erkinlik va o‘z-o‘zini namoyon qilishni yuqori baholaydi. Eng muhimi – oilaning har bir vakili o‘zini shaxs sifatida xoh ta’lim, xoh kasbiy yoki ijtimoiy sohada bo‘ladimi, amalga oshirish imkoiyatiga ega bo‘lishi. Ota-onalar ko‘p hollarda bolalarning qiziqishlari va sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlarini qo‘llab-quvvatlashadi, bu esa farzandning o‘ziga ishonchi va mustaqillik tuyg‘usini rivojlantirishga yordam beradi.

Oilaviy tushliklar va an’analar. Fransuz oilaviy qadriyatlarining muhim qismi ovqatlanish madaniyati va birgalikda ovqatlanish hisoblanadi. Mazkur mamlakatda ovqat nafaqat ovqatni tanovul qilish, shu bilan birga, o‘zaro muloqot qilish va oilaviy aloqalarni mustahkamlash vaqti sifatida qabul qilingan. Fransuzlar yakshanba kungi tushliklarini butun oila a’zolari bilan o‘tkazishni afzal ko‘radilar va tushlik paytida haftada bo‘lib o‘tgan voqealar muhokama qilinadi va kelajak rejalar tuziladi. Bu o‘zaro yangiliklar almashish va bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash vaqti sanaladi.

Oilada farzandlarning roli. Fransiyada bolalar yoshligidan kattalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalanadi, lekin ularning individualligini rivojlantirish uchun katta erkinlik taqdim etiladi. Bu holatda ta’lim va tarbiya muhim rol o‘ynaydi, asosiy e’tibor nafaqat bolalarning akademik yutuqlariga, shuningdek, madaniy dunyoqarashini rivojlantirishga ham qaratiladi. Fransiyadagi ota-onalar o‘z farzandlariga yuqori xulq-atvor madaniyati va boshqalarni hurmat qilishni singdirishga harakat qilishadi.

Oilaning keksa a’zolarini qo‘llab-quvvatlash. Keksalarga bo‘lgan hurmat va ehtirom – fransuz oilaviy qadriyatlarining eng muhim jihatlaridan biri sanaladi. Fransiyada, ayniqsa qishloq hududlarida avlodlar o‘rtasida mustahkam aloqa saqlanib qolgan. Keksa ota-onalar farzandlari bilan yaqin yashashlari yoki qiyin paytlarda ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Shu bilan birga, keksa avlod vakillari oilaviy hayotning faol qismi bo‘lib qolishga intilishadi.

Ish va shaxsiy hayot muvozanati. Fransiyada ish va shaxsiy hayot o‘rtasida aniq taqsimot ajratilgan, bu esa insonlarga ko‘proq vaqtni oilasi bilan birgalikda o‘tkazishiga imkon beradi. Davlat tomonidan ota-onalar uchun tug‘ruq ta’tili va qisqaroq ish haftasi (35 soat) taqdim etish singari imtiyozlarning berilishi ota-onalarga farzandlari va butun oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga yordam beradi.

Fransuz oilaviy qadriyatlari nafaqat oila vakillari o‘rtasida uzviy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, balki har bir shaxsning shaxsiy erkinliklarini hurmat qilishga yo‘naltirilgan an’analar va zamonaviy tendensiyalarni uyg‘unlashtirishni ko‘zda tutadi.

(Asosiy surat https://www.theparisphotographer.com/family-pictures-eiffel-tower/ sahifasidan olingan)

Xodjayev Sobir Djumayevich,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo’lim boshlig’i,
sotsiologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent

[1] https://vk.com/@familienwert-vospitanie-i-tradicii-francii

[2] https://oslo.ru/osobennosti-semejnoj-zhizni-vo-francii.html