
Birlashgan Arab Amirliklarining aholisi asl arab qabilalaridan tashkil topgan bo‘lib, birlik ittifoqi tuzilishidan oldin ushbu amirliklarda o‘zaro qabilalarga bo‘ysunishgan. Zero, har bir shaxs o‘zini ma’lum bir qabilaga mansub deb bilgan. Qabilaning har bir a’zosi o‘zi va oila a’zolarini himoya qilish bilan birga, ushbu qabilani ham himoya qilishni o‘zining burchi deb bilgan. Qabila a’zolari to‘da-to‘da bo‘lib, ko‘chmanchi holda yashagan. Bani Yos Amirlik sahrolarini Abuzabiydan Dubaygacha kezib yuradigan eng yirik qabila hisoblangan. Bundan tashqari, Manosir va Avomir qabilalari ham o‘sha vaqtlarda sahro kezib yuradigan qabilalardan sanalgan.
BAAda oila
Birlashgan Arab Amirliklarida oila jamiyat tarkibidagi eng birinchi yacheyka hisoblanadi, chunki ijtimoiy hayot u orqali o‘zining barcha ko‘rinishlari bilan yuzaga chiqadi.
Amirliklarda neft konlari topilmasidan oldin oila o‘zining iqtisodiy va ijtimoiy hayotida odatiy oila edi, zero u yerdagi iqtisodiy xatti-harakatlar – dur yig‘ish uchun dengizga sho‘ng‘ish, baliq ovlash, tijorat qilish, chorvachilik hamda oddiy taqlidiy hunarlar va dehqonchilik orqali amalga oshirilardi. U paytlar katta oila tushunchasi erkak, uning turmush o‘rtog‘i va turmush qurgan yoki bo‘ydoq farzandlaridan tashkil topishi bilan ajralib turar edi. Bu qo‘shimcha tarzda kelinlar va ularning farzandlarini ham o‘z ichiga olib, gohida aka-ukalar, opa-singillar, amaki-yu tog‘alarni ham qamrab olar edi. Ushbu oilada bobo oilaga bosh bo‘lib, uning hukmronligi mutlaq bo‘lardi. Katta oila yagona yashash manzilini o‘zida gavdalantirar, oila a’zolari bir yoki yonma-yon bir nechta manzilda istiqomat qilishar va ularning yozgi va qishki yashash joylari bo‘lar edi.
Neft konlari topilgach, BAAda oilalar katta oila ko‘rinishidan birlamchi (yadro) oila ko‘rinishiga o‘tdi. Bu ota-ona va bo‘ydoq farzandlardan tashkil topgan oiladir. Ko‘plab birlamchi oilalar o‘z qarindoshlariga yaqin joylarga joylashib yashash yo‘lini tutib, bu bilan birlamchi oilaning mustaqilligi va oilaviy aloqalarni saqlab qolish, oilaga mansub bolalarni, kasallarni yoki yoshi keksalarni parvarish qilish kabi muhim rishtalarni o‘zida mujassam etdi[1].
Arab Amirliklari Milliy Oila siyosati Amirlik oilalarining nikohdagi qiyinchiliklarini yengish, barqaror oilaviy hayotni targ‘ib qilish, jamiyat va mamlakat oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarish qobiliyatini oshirish va oila a’zoligi orqali baxtga erishishga intiladi.
2018-yil mart oyida BAA hukumati Jamiyatni rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan boshlangan Milliy Oila siyosatini tasdiqladi.
Siyosat asosiy beshta maqsadga erishishga intiladi:
1. Amirlik oilalarining nikohdagi qiyinchiliklarga dosh berish qobiliyatini shakllantirish.
2. Avlodlarning oilaviy hayot barqarorligiga erishishiga ko‘maklashish.
3. Hayotdagi stressli holatlarni yengishda amirlik oilasini qo‘llab-quvvatlash uchun sog‘lom muhitni ta’minlash.
4. Amirlik oilasining imkoniyatlarini va uning jamiyat va mamlakat oldidagi mas’uliyatini, milliy o‘ziga xosligini, milliy qadriyatlari va axloqini oshirish.
5. Oila ahilligi orqali amirlik oilasi uchun baxtga erishish.
BAAda oila siyosati oltita komponentni o‘z ichiga oladi:
1. Oilaviy munosabatlar.
2. Rollar muvozanati (ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar).
3. Bolalarni himoya qilish.
4. Oilani himoya qilish.
5. Oilaviy baxtga erishish uchun oilaviy xizmatlar ko‘rsatishni qayta ishlab chiqish[2].

(surat https://www.emiratesnbd.com/en/cards/credit-cards/u-by-emaar-infinite-credit-card?source=quick-search sahifasidan olingan)
BAAda yoshlarni oilaviy hayotgan tayyorlash
Birlashgan Arab Amirliklari va uning markazi bo‘lgan Abu–Dabi amirligida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Abu-Dabida Ijtimoiy rivojlantirish boshqarmasi (Department of Community Development) tomonidan 3 yilga mo‘ljallangan Oila farovonligi strategiyasi qabul qilingan bo‘lib[3], uning asosiy besh yo‘nalishlari nikoh va oilaga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi markazlar orqali yosh ota-onalarni tayyorlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan[4].
Arab Amirliklarida Ijtimoiy rivojlantirish vazirligi tomonidan 2 kunlik “Samarali oilalarni tayyorlash va malakasini oshirish” deb nomlangan onlayn o‘quv seminari yo‘lga qo‘yilgan[5]. Shuningdek, “Turmush qurmoqchi bo‘lganlar barqaror oila qurishida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun tayyorgarlik dasturi” (“Eadad” dasturi) mavjud bo‘lib, mazkur kurs onlayn shaklda o‘qitiladi. Kursda o‘qish orqali oila quruvchilar oilaviy muhitni yaxshilashga, oilaviy hayotga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltiriladi, shuningdek, nikoh va to‘y uchun davlatdan moddiy yordam (grant) olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi[6]. “Eadad” tayyorgarlik kursi dasturi o‘z faoliyatini 2011-yildan buyon yuritib keladi. Mazkur kurslar faqatgina BAA fuqarolari va rezidentlari uchun mo‘ljallangan.
“Eadad” dasturi 5 ta asosiy mavzuni o‘z ichiga oladi:
– oilaviy munosabatlar;
– oilaviy hayotdagi muvofiqlik;
– oilada moliyaviy rejalashtirish;
– bolalarni tarbiyalashda turmush o‘rtoqlarning hamkorligi;
– oilaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tish.
“Eadad” tayyorgarlik dasturi diniy, psixologik, ijtimoiy, oilaviy va iqtisodiy sohalarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, bepul o‘qitiladi. Mazkur xizmat 19 yosh va undan katta erkak hamda ayollar uchun mo‘ljallangan. Dasturda ilgari turmushga qurgan, lekin 3 yildan ortiq oilaviy hayotda yashamagan fuqarolar ham o‘qishi mumkin.
“Eadad” dasturi 6 ta mavzuda intensiv o‘quv seminarlarini o‘z ichiga oladi:
– oilaviy muvofiqlik;
– umr yo‘ldoshini tushunish;
– turmush o‘rtoqlar va ularning oilalari o‘rtasidagi samarali muloqot;
– hissiy qoniqish;
– oilaviy nizolarni hal qilish;
– nikoh uchun moliyaviy rejalashtirish[7].
Har bir intensiv o‘quv seminari 2 kun davomida 10 soatdan bo‘lib o‘tilishi ko‘zda tutilgan. Kurslar kunning 2-yarmida soat 17:00 dan 21:00 gacha bo‘lib o‘tishga mo‘ljallangan. Mazkur intensiv kurslar turmush qurmoqchi boʻlgan 500 nafar fuqaro o‘rtasida o‘tkazilgan soʻrovnoma natijalari asosida ishlab chiqilgan[8].

(surat https://propheadlines.com/2019/09/18/aurum-villas-at-akoya/ sahifasidan olingan)
BAAda turmush qurmoqchi bo‘lgan shaxslarning irsiy, yuqumli va jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklardan xoli bo‘lishlari, ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash hamda ular o‘rtasida infektsiya yuqishining oldini olish maqsadida nikohdan oldin tekshiruvdan o‘tish majburiy hisoblanadi. Abu-Dabidagi Sog‘liqni saqlash departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, nikohdan oldingi tekshiruv OITS (OIV), gepatit B va C, sifilis kabi yuqumli kasalliklar va beta talassemiya, o‘roqsimon hujayrali anemiya kabi irsiy kasalliklar va qizilcha, qon guruhi mosligini aniqlash uchun boshqa testlardan o‘tishni o‘z ichiga oladi[9].
Ushbu tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun to‘lov miqdori 100 dirhamdan 250 dirhamgacha. Turmush quruvchilarga mazkur tibbiy ko‘rik xulosalari bo‘yicha sertifikat taqdim etiladi va u 3 oy muddatga amal qiladi. Tibbiy tahlil natijalari maxfiyligi ta’minlanadi[10]. Abu-Dabida to‘ydan oldin tibbiy ko‘rkidan o‘tkazish huquqiga ega to‘rtta – Abu-Dabi shahrida, sharqiy mintaqa – Al-Aynda, g‘arbiy va markaziy mintaqa – Musaffa markazlari mavjud [11].
(Asosiy surat https://rimsdarr.blogspot.com/2021/06/happy-muslim-family-par-happy-muslim.html sahifasidan olingan)
Rajabov Shuxratjon Sheraliyevich,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti v.b.,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
[2] https://u.ae/en/about-the-uae/strategies-initiatives-and-awards/policies/social-affairs/uae-national-family-policy
[3] https://addcd.gov.ae/-/media/Project/DCD/DCD-v2/White-Paper/FWS-booklet-En.pdf
[4] https://www.abudhabi.gov.ae/en/programmes/family-wellbeing
[5] https://www.mocd.gov.ae/ar/services/train-and-rehabilitate-productive-families.aspx
[6] https://www.mocd.gov.ae/ar/services/register-in-edaad-program.aspx
[7] https://www.bayut.com/mybayut/ar/%D8%A8%D8%B1%D9%86%D8%A7%D9%85%D8%AC-%D8%A7%D8%B9%D8%AF%D8%A7%D8%AF/
[9] https://u.ae/ar-ae/information-and-services/social-affairs/marriage
[10] https://www.ehs.gov.ae/ar/services/services-directory/premarital-counseling-and-screening
[11] https://dpsc.seha.ae/AR-AE/AboutUs/Pages/About-DPSC.aspx