Amerikaliklar uchun oila muqaddas hisoblanadi. AQShda erkaklar ham, ayollar ham  juda oilaparvar hisoblanadi.

AQShda ajralishlar keng tarqalgan va normal  jarayon hisoblanadi. 2020-yilda bu mamlakatda bir yilda tuzilgan nikohlarning 53 foizi ajralish bilan tugagan, ya’ni har ikkinchi oila ajralish tufayli barham topgan.

Amerikaliklar o‘zlarini juda yaxshi ko‘rishadi, shuning uchun ham uy xo‘jalik ishlari bilan faol shug‘ullanishmaydi. Uyda juda kam hollarda ovqat tayyorlashadi, odatda, oson va tez pishadigan ovqat tayyorlashadi. Ko‘p hollarda fast-fud turidagi ovqatlarni iste’mol qilishadi. Uy va oila ishlariga bu kabi munosabat sababli amerikaliklar ko‘p vaznli xalq sifatida tilga olinadi.

Qo‘shma Shtatlarda erlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan ayollarga katta g‘amxo‘rlik qilinadi.

Birinchidan, bunday ayollar uchun vaqtinchalik boshpanalar (hatto kichik shaharlarda ham) mavjud bo‘lib, u yerga ular kun yoki tunning istalgan vaqtida borishlari mumkin.

Ikkinchidan, politsiyaga murojaat qilgandan so‘ng, zo‘ravon erning xotiniga yaqinlashishi taqiqlanishi va hatto, qamoqqa olinishi mumkin.

Oilaviy konsultatsiyalar tarmog‘i juda taraqqiy etgan. Bu markazlarga er yoki xotin oilada kelishmovchiliklar kelib chiqqan holda murojaat qilishadi. Oila bo‘yicha ixtisoslashgan psixologlar ba’zi oilalarni ajralishdan saqlab qolishadi.

(Surat https://dzen.ru/a/YVZE2EL-IkzTU1lI sahifasidan olingan)

Oilani tark etadigan er nafaqat farzandlari, shu bilan birga, xotiniga ham aliment to‘laydi. Huddi shu holat ayol uchun ham tegishli, agarda u eridan ko‘proq pul topadigan bo‘lsa, ayolga ham eri uchun to‘lov belgilanadi. Bu davlatda alimentdan qochish holatlari juda kam uchraydi.

AQShda bo‘lajak er-xotinlar oila qurishdan oldin, albatta, nikoh shartnomalari tuzishadi. Bu esa nikohni bekor qilish paytida hech qanday kelishmovchiliklarni paydo bo‘lishiga olib kelmaydi.

Bolalar maktabni tugatishlari bilan ota-ona uyini tark etishadi va o‘zlarining hayotlarini mustaqil yo‘lga qo‘yishga harakat qilishadi. Oila tobora ikki kattalar o‘rtasidagi biznes hamkorligi (birgalikdagi bank hisobvaraqlari soni kamaymoqda, nikohdan oldingi shartnomalar soni ortib bormoqda)ga o‘xshaydi. Hozirgi kunda AQShda farzandlar bilan istiqomat qiladigan oilalar ulushi jami oilalarning 35 foizini tashkil etadi[1].

Agarda bola o‘z ota-onasi bilan bir xonadonda yashayotgan bo‘lsa, u holda u ota-onasiga shu uyda yashayotganligi uchun to‘lovni amalga oshirishi lozim. Bolalar ota-onalaridan mustaqil va alohida bo‘lish uchun juda erta, odatda, 13–14 yoshdan ishlashni boshlaydi.

Amerikada bolalar uylari deyarli mavjud emas. Ota-onasiz qolgan bolalar oilaviy mehribonlik uylarida (foster parent mehribonlik uylarida) qisqa muddatda saqlanadi, u yerdan esa ularni farzandsiz ota-onalar asrab olishlari mumkin.

Amerikada bobo va buvilar, odatda, qariyalar uyiga joylashtiriladi, ammo bu holat amerikaliklar uchun uyatli holat hisoblanmaydi. Qariyalar uylarida keksalar barcha qo‘layliklarga ega xonalarda istiqomat qilishadi, ular uchun turli madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

AQSHDA OILAVIY QADRIYATLAR

Amerika jamiyatidagi oilaviy qadriyatlar juda xilma-xil bo‘lib, yashash joyi, madaniy kelib chiqishi, dini, ijtimoiy mavqeyi va hatto siyosiy qarashlari ko‘plab omillarga bog‘liq. Biroq aksariyat amerikalik oilalarga xos bo‘lgan bir nechta umumiy qadriyat va an’analar mavjud.

Amerikaliklarning asosiy oilaviy qadriyatlari

Individuallik va mustaqillik:

Amerikaliklar uchun muhim qadriyat o‘zini o‘zi ta’minlash va mustaqillikka intilishdir. Bolalar erta yoshdanoq o‘z muammolarini o‘zlari mustaqil hal qilishga, qarorlar qabul qilishga va o‘z harakatlari uchun javobgarlikni olishga o‘rgatiladi.

Yoshlar ko‘pincha o‘rta maktab yoki kollejni tugatgandan so‘ng mustaqil hayot boshlash uchun ota-onasining uyini tashlab ketishadi.

Tenglik va hurmat:

Amerika oilalarida turmush o‘rtoqlar, ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi teng munosabatlar keng tarqalgan. Butun oilaga tegishli qarorlar ko‘pincha birgalikda qabul qilinadi va har bir oila a’zosining fikri inobatga olinadi.

O‘zaro hurmat bolalarni tarbiyalash va kattalar o‘rtasidagi muloqotning muhim asosidir.

Oilaviy an’analarga sodiqlik:

Amerikaliklar oilaviy bayramlar va an’analarga katta ahamiyat berishadi. Shukrona kuni, Rojdestvo, Xellouin va boshqa bayramlar ko‘pincha birgalikda, oila bilan nishonlanadi.

Sayr yoki piknik singari oilaviy kechki ovqatlanish yoki tadbirlar birgalikdagi hayotning bir qismi hisoblanadi va oilaviy rishtalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik:

AQShda keksalar, odatda, o‘z farzandlari va nabiralaridan alohida mustaqil yashashsa-da, amerikaliklar keksalikda ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilish, ularni ko‘rishga va hollaridan xabardor bo‘lishni eng muhim qadriyatlardan biri sifatida qabul qilishadi.

To‘g‘ri, mamlakatda keksalarning ixtisoslashtirilgan qariyalar uylarida istiqomat qilishlari, ularga zarur yordam ko‘rsatish amaliyoti mavjud. Lekin bu holat har doim ham keksalar oldidagi mas’uliyatdan qochish sifatida emas, balki ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilish sifatida qabul qilinadi.

Oilani tushunishda moslashuvchanlik:

Zamonaviy Amerika jamiyati “oila” tushunchasini anglashda yuqori darajadagi bag‘rikenglik va moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Oila ota-onalar va bolalar, yolg‘iz ota-onalar, bir jinsli juftliklar, o‘gay ota-onalar va bolalardan  ham iborat bo‘lishi mumkin. Amerikada oilaviy ajralishlar darajasi yuqori bo‘lganligi sababli bolalar ota-onadan biri yoki har ikkalasi bilan navbatma-navbat yashaydigan oilalar soni ko‘payib bormoqda.

Ta’lim va tarbiya:

Bolalar ta’limi eng muhim qadriyatlardan biri sanaladi. Ota-onalar farzandlarining ta’lim jarayonida faol ishtirok etishadi, ularning uy vazifalariga ko‘maklashishadi, maktabda uyushtiriladigan tadbirlar va majlislarga tez-tez borib turishadi.

Oilada bolalarning o‘quv yutuqlaridan tashqari ularning ijtimoiy ko‘nikmalari, shaxsiy qiziqishlari va sevimli mashg‘ulotlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi.

(Surat https://www.mar-joya.nl/vlaggen-voor-een-stoere-kinderkamer/ sahifasidan olingan)

Ish va hayot muvozanati:

Amerikaliklar oilalari bilan birgalikda vaqt o‘tkazishlari uchun ish va hayot muvozanatini topishga intilishadi. Bu borada mamlakatdagi ko‘pgina kompaniyalar moslashuvchan soatlar yoki masofaviy ishlash imkoniyatlarini taklif qiladi, bu esa ota-onalarga farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkonini beradi.

Biroq ishchanlik va ishning haddan tashqari yuklanishi muammosi, ayniqsa, katta shaharlarda dolzarbligicha qolmoqda.

Moliyaviy mas’uliyat:

Moliyaviy rejalashtirish va mas’uliyat masalalari oilaviy hayotda muhim rol o‘ynaydi. Amerikaliklar bolalar ta’limi, ipoteka yoki pensiya uchun jamg‘arib, budjetni rejalashtirishga harakat qilishadi.

Bolalarga yoshligidanoq pul bilan muomala qilish o‘rgatiladi, ularda moliyaviy mustaqillik va mas’uliyatning ahamiyati haqida tushunchalar singdiriladi.

Umuman olganda, AQShda individualizm va erkinlik yuqori darajasida ekanligiga qaramay, amerikaliklar avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va jamiyatda uyg‘unlikni saqlashga yordam beradigan oilaviy qadriyatlar va an’analarga sodiq qolishadi.

(Asosiy surat https://lajolla.com/article/what-are-children-legally-entitled-to-at-birth-in-america/?amp=1 sahifasidan olingan)

Xodjayev Sobir Djumayevich,
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo’lim boshlig’i,
sotsiologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent

[1] Шведова Д. Роль семьи в америкнском обществе и семейная политика. // Женщина в российском обществе. 2011 № 4. – С. 105.